O‘zbekiston | 14:09
2971
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Surxondaryodagi yirik suv infratuzilmasi loyihasini ko‘zdan kechirdi

Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanish asosida Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilma loyihasining amaliy natijalari bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qiymati 287 million dollar bo‘lgan mazkur megaloyiha doirasida keng ko‘lamli qurilish va montaj ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy mexanizmlar joriy etilishi natijasida minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning o‘nta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilmoqda.

Sakkiz-to‘qqiz yil avval hududda markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov 47 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 67,5 foizga yetdi. Natijada aholining suv ta’minoti nafaqat miqdor, balki sifat jihatdan ham yaxshilandi.

Loyihaning texnik jihatdan muhim yutug‘i — 246 kilometr magistral va ichki tarmoqlarning barpo etilishi bo‘ldi. Gidravlik hisob-kitoblar asosida suvni nasossiz uzatish imkoniyati yaratildi. Bu energiya sarfini keskin kamaytirib, tizim barqarorligini ta’minladi. Natijada Termiz shahri, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot tuman markazlariga suv elektr energiyasi sarfisiz yetkazib berilmoqda.

Mazkur tashabbus natijasida 223 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti mustahkamlandi. Suvning qattiqlik darajasi ikki baravargacha kamaytirildi, bu esa aholi salomatligi va maishiy jihozlar xizmat muddati uzayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

“Shimoliy” suv ishlab chiqarish inshootida tashkil etilgan Geoaxborot markazi orqali tizim real vaqt rejimida nazorat qilinmoqda. Bosim pasayishi, avariya holatlari va suv yo‘qotish holatlari qisqa muddatda aniqlanmoqda.

Loyiha doirasida yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejalishi ta’minlanmoqda. Bu 18,5 milliard so‘m mablag‘ni iqtisod qilish imkonini beradi. Shuningdek, 10 gektar maydonda 6418 kilovatt-soat quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilgan.

Davlat rahbari sohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan ham tanishib, suv ta’minotida hali yechilmagan masalalarni tezkor hal etish, eski nasos agregatlarini energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirish va tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid