Jamiyat | 14:02
2154
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishib, suv tejash texnologiyalari va aholini daromadli band etishga qaratilgan loyihalarni ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari dastlab suv xo‘jaligida mahalliylashtirilgan texnika va uskunalar taqdimoti bilan tanishdi. Ta’kidlanishicha, suv tejash texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda fermer va aholining talabini tezkor ta’minlash mumkin.

Prezident bu yo‘nalishga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

“Tomorqa maktabi” aholini o‘z tomorqalaridan samarali foydalanish, serdaromad ekin turlarini joriy etish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini o‘rgatishga ixtisoslashgan. Muassasa banklarning moliyaviy ko‘magi asosida faoliyat yuritmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi — ishsiz va kam ta’minlangan oilalarni barqaror daromad manbaiga ega qilish. Bu jarayonda dehqonchilikning ilmiy asoslari, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish texnologiyalari va zamonaviy tomorqachilik usullari amaliy tarzda o‘rgatilmoqda.

Innovatsion maktab Termiz, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlarini qamrab olgan. Uning tarkibida o‘quv binosi, uch gektar issiqxona va uch gektar o‘quv-tajriba maydoni mavjud.

Issiqxonada Surxondaryo iqlimiga moslashtirilgan banan, papayya, rozmarin, lavanda, limon, anjir, brokkoli, bulg‘or qalampiri va boshqa ekinlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, ko‘chatchilik va gulchilik yo‘lga qo‘yilgan, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan.

Maktabda bir yilda uch marta hosil olish amaliyoti o‘qitilmoqda. O‘quv jarayoniga olimlar, mutaxassislar va tajribali dehqonlar jalb etilgan.

Hozirga qadar 1300 nafarga yaqin ishsiz va kam ta’minlangan fuqaro maxsus kurslarni tugatib, o‘z tomorqasi yoki ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali o‘zini o‘zi band qilgan. Hokim yordamchilari har oyda 220 nafardan, yiliga 2700 nafargacha yer egalarini o‘qishga yo‘naltirmoqda. Tinglovchilarning o‘qish xarajatlari yo‘llanma yoki vaucher tizimi orqali qoplab berilmoqda.

Kurs ishtirokchilariga yuqori daromadli ekinlar ekish va bir sotix yerdan o‘rtacha 10–15 million so‘m daromad olish metodikasi amaliyotda ko‘rsatilmoqda. “Agrostar” kompaniyalari esa tinglovchilarni urug‘ va ko‘chatlar bilan ta’minlab, yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilishni tashkil etadi.

Prezident maktabda tomorqadan uch marta hosil olish amaliyoti, sanoatlashgan bog‘lar va suv tejovchi texnologiyalar taqdimoti bilan tanishdi. Shuningdek, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan muloqot qilib, qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymat yaratish, hudud uchun yangi bo‘lgan o‘simliklar, jumladan sitrus va tropik mevalar yetishtirishni o‘zlashtirish muhimligini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid