O‘zbekiston | 19:03
5109
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi harbiy qismda sharoitlarni ko‘zdan kechirdi

Davlat rahbari harbiy texnika va qurol-aslahalarni, shu jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa komplekslarini ko‘zdan kechirdi.

Prezident, Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida harbiy qismda ham bo‘ldi.

Qayd qilinishicha, mazkur qismda harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. O‘quv binolari, oshxona, yotoqxona, ma’naviyat va ma’rifat xonalari, sport shaharchasi eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sun’iy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qo‘llanmoqda. Shundan kelib chiqib, Oliy bosh qo‘mondon tomonidan qo‘shinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qo‘llash va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi bo‘linmalarni tashkil etish vazifasi qo‘yilgan edi. Ta’kidlanishicha, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, milliy armiyamiz zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta’minlanmoqda.

Davlat rahbari harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, harbiy texnika va qurol-aslahalarni, shu jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa komplekslarini ko‘zdan kechirdi.

Milliy armiyani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizligimizga mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi ta’kidlandi.

Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning shayligini yuksaltirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini izchil davom ettirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid