Jahon | 08:37
724
4 daqiqa o‘qiladi

Netflix Warner Bros.'ni sotib olish bo‘yicha kelishuvdan chiqmoqchi

Netflix striming kompaniyasi 2025 yil dekabrda imzolangan Warner Bros.'ni sotib olish bo‘yicha kelishuvdan chiqishga qaror qildi. Paramount konglomerati Warner Bros.'ga yanada foydali shartlarni taklif etdi.

Foto: AP

Netflix Warner Bros. Discovery’ning kino biznesi va kompaniyaga tegishli HBO Max striming servisini sotib olish bo‘yicha kelishuvdan chiqadi. Bu haqda 27 fevral, juma kuni The New York Times Netflix’ning ikki hamijrochi direktori Ted Sorandos va Greg Pitersning qo‘shma bayonotiga tayanib xabar berdi. Ularning aytishicha, Warner Bros. Discovery Paramount tomonidan kiritilgan kontrtaklifni Netflix bilan 2025 yil dekabrda imzolagan kelishuvga nisbatan foydaroq deb topgan. O‘sha kelishuv shartlariga ko‘ra, Netflix har bir aksiya uchun 27,75 dollar to‘lashi kerak edi, Warner Bros. Discovery’ning umumiy qiymati esa (kompaniya qarzlari bilan birga) 82,7 mlrd dollarga baholangan.

Avvalroq Paramount Warner Bros. Discovery’ga yangi kelishuv taklif qilgani va har bir aksiya uchun 31 dollargacha to‘lashga tayyor ekanini bildirgani ma’lum bo‘lgan edi. The New York Times yozishicha, bunday kontrtaklifda bitimning umumiy qiymati 111 mlrd dollar bo‘ladi. Shu fondan kelib chiqib, Warner Bros. Discovery Netflix’ga Paramount taklifini «oshirish»ni taklif qilgan.

Netflix rahbarlari o‘z bayonotida endi «bitim moliyaviy jihatdan avvalgidek jozibador ko‘rinmayotganini» ta’kidladi. The Hollywood Reporter ma’lum qilishicha, agar Paramount bilan bitim amalga oshsa, Paramount Netflix’ka 2,8 mlrd dollar miqdorida kompensatsiya ham to‘laydi. Bu kompensatsiyani esa Warner Bros. Discovery amaldagi qo‘shilish bo‘yicha kelishuv bekor qilinishi uchun berishiga to‘g‘ri keladi.

Warner Bros. Discovery deyarli 100 yil davomida Hollivudda suratga olingan film va seriallarning ulkan arxiviga bo‘lgan huquqlarga ega. Kompaniya shuningdek “Harri Potter”, “Uzuklar hukmdori”, “Taxtlar o‘yini” kabi franshizalarga, HBO Max striming servisiga, CNN va Discovery telekanallariga ham egalik qiladi.

Paramount konglomeratiga 2025 yildan beri Ellisonlar oilasi egalik qiladi, ularni AQSh prezidenti Donald Trampga yaqin, deb atashadi. Larri Ellison — Oracle texnologik korporatsiyasining asoschisi, ma’lumotlar bazalari va bulutli texnologiyalar bozoridagi asosiy o‘yinchilardan biri hamda AQSh hukumatining yirik pudratchisi hisoblanadi. Xususan, Oracle Pentagon uchun muhim IT-infratuzilmalarni yetkazib beradi. Larri Ellison bir necha bor omma oldida Trampni qo‘llab-quvvatlagani va uning saylov kampaniyasiga xayriya qilgani aytilgan.

Endilikda Netflix’ni sotib olish bo‘yicha yangi bitimni antimonopoliya regulyatorlari ma’qullashi kerak bo‘ladi. Shu holda Paramount, xususan, CNN telekanali ustidan nazoratni qo‘lga kiritadi. Donald Tramp esa CNN’ni o‘zi haqida va ma’muriyati haqida “feyklar” tarqatishda bir necha bor ayblagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid