Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pokiston Afg‘oniston poytaxti Kobulga aviazarbalar berdi
Pokiston hukumati so‘nggi oylardagi keskinlik toliblar bilan «ochiq urush»ga aylanganini bildirdi. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar 2025 yil kuzida, Islomobod «Tolibon»ni terrorchilarga qarshi chora ko‘rmaslikda ayblaganidan so‘ng yomonlashgan.
Foto: Videodan kadr
Pokiston 27 fevral, jumaga o‘tar kechasi Afg‘onistonning bir nechta shaharlariga, jumladan mamlakat poytaxti Kobulga aviahujumlar uyushtirdi. Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Osif X ijtimoiy tarmog‘ida bir necha oy davom etgan qurolli to‘qnashuvlardan keyin qo‘shni ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik «ochiq urush»ga aylanganini bildirdi. Mamlakat axborot vaziri Attaulloh Tarar ham X tarmog‘ida Pokiston armiyasi Kobuldagi, shuningdek Paktiya va Qandahor viloyatlaridagi nishonlarga zarbalar berganini tasdiqladi. «Kuchlarimiz har qanday tajovuzkor niyatlarni tor-mor etishga qodir», — dedi keyinroq Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif. — «Butun millat Pokiston qurolli kuchlari bilan yelkama-yelka turibdi».
O‘tgan hafta Pokiston Afg‘onistonga bir nechta tungi aviahujumlar uyushtirgan edi. «Tolibon»ning ta’kidlashicha, bu zarbalar natijasida kamida 18 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan. Islomobodda esa zarbalar Pokiston—Afg‘oniston chegarasi yaqinidagi gumon qilinayotgan jangari lagerlariga qaratilganini, bu esa Pokistonda yaqindagi bir qator hujumlariga javob ekanini ma’lum qilindi.
26 fevral, payshanba kuni afg‘on toliblari chegara postlariga «keng ko‘lamli hujum» o‘tkazib, Pokiston askarlaridan «ko‘pini» o‘ldirganini aytdi. Pokiston hukumati hozircha ikki harbiyning halok bo‘lganini tasdiqladi.
So‘nggi bir necha oy ichida Afg‘onistondagi «Tolibon» hukumati va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi. Islomobod qo‘shni mamlakat hukumatini o‘z hududida amalga oshirilayotgan terrorchilik hujumlarini sodir etayotgan qurolli guruhlarga nisbatan chora ko‘rmaslikda ayblamoqda. Toliblar bu ayblovlarni rad etmoqda.
2025 yil kuzida Islomobod Kobuldan «Tahrik-a Tolibon Pokiston»ga qarshi chora ko‘rishni talab qildi. U — Pokistondagi qurolli guruh (u «pokistonlik toliblar» nomi bilan ham ma’lum) bo‘lib, afg‘on «Tolibon»i bilan yaqin aloqalarga ega.
Oktyabrda Kobulda ikki portlash sodir bo‘ldi, buning uchun mas’uliyatni «Tolibon» Islomobod zimmasiga yukladi. Shundan so‘ng afg‘on qo‘shinlari chegara punktlaridagi Pokiston harbiylariga o‘q ochdi. Javoban Pokiston armiyasi og‘ir artilleriya, tanklar, dronlardan foydalanib zarba berdi va havoga qiruvchi samolyotlarni ko‘tardi.
Faqat shu hujumlar yakunlariga ko‘ra «Tolibon» vakillari to‘qqiz nafar afg‘on va 58 nafar pokistonlik askar halok bo‘lgani, shuningdek qo‘shni davlatning 20 ta chegara posti vaqtincha egallab olingani haqida xabar berdi. Pokiston OAV esa kuch tuzilmalaridagi manbalariga tayanib, o‘z tarafidan 23 askar halok bo‘lgani, 200 nafardan ortiq «tolib» va ular bilan bog‘liq «terroristlar» yo‘q qilingani, shuningdek Afg‘onistonning 19 ta chegara posti ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida yozgan.
To‘qnashuvlar 2025 yil oktyabri oxirigacha davom etdi. Keyin tomonlar Qatar va Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Biroq keyingi muzokaralar tinchlik kelishuvi tuzilishiga olib kelmadi.
Mavzuga oid
23:01 / 26.02.2026
Afg‘oniston Pokistonning chegara hududlarida harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qildi
16:06 / 26.02.2026
Afg‘oniston - O‘zbekiston unining asosiy xaridori
14:16 / 25.02.2026
O‘zbekiston Afg‘onistonda temir va mis konlarini qidirishni boshladi
09:28 / 25.02.2026