Jahon | 17:02
7725
3 daqiqa o‘qiladi

Pokiston toliblar hukumati bilan «ochiq urush» boshlanganini e’lon qildi

26 fevral kuni kechqurun Afg‘oniston va Pokiston munosabatlaridagi mojaro yangi bosqichga chiqdi: tomonlar bir-biriga havodan hujum qilmoqda, dronlar, artilleriya qo‘llanmoqda.

Foto: Getty Images

Pokiston mudofaa vaziri Havaj Asif Afg‘oniston boshqaruvidagi «Tolibon» harakati bilan «ochiq urush» boshlanganini e’lon qildi. U bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirgan. 

Vazir toliblar hukumati Afg‘onistonni «Hindiston mustamlakasiga aylantirgani», ular butun dunyo terrorchilarini Afg‘onistonga yig‘ib, terrorizmni eksport qila boshlagani, o‘z xalqini asosiy inson huquqlaridan mahrum etgani, islom dini ayollarga bergan huquqlarni tortib olgani haqida gapirgan.

«Pokiston bevosita va do‘st mamlakatlar orqali vaziyatni normallashtirish uchun bor imkoniyatlarini ishga soldi. <…> Ammo toliblar Hindistonning qo‘g‘irchog‘iga aylandi. Bugun ular Pokistonga tajovuzkorona hujum qilishga uringanida, bizning kuchlarimiz qat’iy javob bermoqda», – deya yozadi vazir.

U o‘tmishda Pokistonning roli ijobiy bo‘lgani, mamlakat 50 yil davomida 5 million afg‘onga joy berganini eslatib o‘tgan.

«Hozirgi kunda ham millionlab afg‘onlar bizning zaminimizda kun kechirmoqda. Sabr kosamiz to‘ldi. Endi oramizda ochiq urush boshlandi», – deya o‘z bayonotini keskin tarzda yakunlagan vazir.

Pokiston bosh vaziri idorasi mamlakat qurolli kuchlari Afg‘onistonning bir necha shaharlariga, jumladan poytaxt Kobul hamda Paktiya va Qandahor viloyatlariga aviazarbalar yo‘llaganini ma’lum qilgan. Pokiston axborot vaziri Attaulla Tarar zarbalar oqibatida «Tolibon» jangarilaridan 133 nafari halok bo‘lib, 200 dan ortig‘i yaralanganini ma’lum qilgan. 

O‘z navbatida, Afg‘oniston mudofaa vazirligi 26 fevral kuni kechqurun Pokistonning ikkita bazasi hamda 19 ta nazorat-o‘tkazish punktini egallab olgani, pokistonlik harbiylardan 55 nafari halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan.

26 fevral kuni Afg‘oniston tomoni Pokiston kuchlarining zarbalariga javoban chegara hududlarda maxsus amaliyot boshlaganini ma’lum qilgandi. Pokiston o‘tgan haftada «Tahriq-a-Tolibon Pokiston» va «IShID — Xuroson» viloyati guruhlarining Afg‘oniston sharqida joylashgan lagerlari bo‘ylab zarbalar yo‘llagandi. Afg‘oniston hukumati o‘shanda tinch aholi vakillari, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Pokiston hukumati bu zarbalar Pokistonda sodir etilgan davomli teraktlarga javoban amalga oshirilganini ma’lum qilgan. Islomoboddagilarga ko‘ra, ushbu guruhlar yetakchilari Afg‘oniston hududida yashiringan va o‘sha yerdan turib Pokistondagi hujumlarni rejalashtirib kelmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid