Jahon | 13:29 / 27.02.2026
2206
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainaga qarshi urush ishtirokchilarini ekstraditsiya qilmaydi

Rossiya Davlat dumasi 26 fevral, payshanba kuni ikkinchi va uchinchi o‘qishda chet ellik yollanma jangchilarni boshqa davlatlarga topshirishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Gap Rossiya armiyasi safida kontrakt asosida xizmat qilgan yoki qilayotgan va Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgan shaxslar haqida ketmoqda.

Foto: Sergei Fadeichev/dpa/TASS/picture alliance

Qonunga ko‘ra, Rossiya Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish kiritiladi. Endi ekstraditsiya so‘rovi chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan kelib tushgan taqdirda, agar u Rossiya Qurolli kuchlari yoki boshqa harbiy tuzilmalarida kontrakt asosida xizmat qilgan bo‘lsa va RF QK tarkibida jang harakatlarida qatnashgan bo‘lsa, uni chet davlatga berish rad etilishi mumkin.

Davlat dumasi saytida e’lon qilingan ma’lumotda aytilishicha, ekstraditsiyani rad etish uchun asoslar ro‘yxati kengaytirilmoqda — kontrakt asosida xizmat qilayotgan yoki qilgan chet elliklar ham ushbu ro‘yxatga kiritilgan.

Qonun loyihasi 2025 yil 20 noyabrda Davlat dumasiga kiritilgan va 21 yanvarda birinchi o‘qishda qabul qilingan edi. Endi qabul qilinganidan so‘ng hujjat Federatsiya kengashiga yuboriladi, shundan keyin Rossiya prezidenti imzosi uchun taqdim etiladi.

Faridaily media loyihasi qayd etishicha, Rossiya hokimiyatining mazkur qadami «Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi urushda qatnashishi mumkin bo‘lgan chet elliklar sonini oshirishga qaratilgan». Ayni paytda Rossiya armiyasidagi chet ellik yollanma jangchilarning aniq soni ma’lum emas.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid