Jahon | 09:11 / 27.02.2026
1694
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: RF va AQSh bilan yangi muzokaralar BAAda o‘tishi mumkin

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 26 fevral kuni kechqurungi murojaatida Ukraina, Rossiya va AQSh vakillarining yangi uchrashuvi mart oyi boshida BAA poytaxti Abu-Dabida o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi. U bu bayonotni Jyenevada bo‘lib o‘tgan ukrainalik va amerikalik delegatsiyalar maslahatlashuvlarini sharhlar ekan aytdi.

Foto: Henry Nicholls/AFP/Getty Images

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «haqiqiy xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha erishilgan natijalarni yakunlash va liderlar darajasidagi uchrashuvni tayyorlash zarur». Uning fikricha, «aynan shunday format Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda ko‘p narsani hal qilishi mumkin».

«Urushni tugatish kerak — bu bizning pozitsiyamizni, Ukraina pozitsiyasini va barcha hamkorlarimiz pozitsiyasini ifoda etadi. Ammo, afsuski, hozir hamma Rossiyaning tinchlikka tayyor emasligini ko‘rmoqda. Putin o‘z harbiy mashinasini to‘xtatayotgani haqida hech qanday belgi yo‘q. Aksincha, u urushni davom ettirishga tayyorlanmoqda. Shuning uchun dunyo Rossiyaga bosim o‘tkazishga tayyor bo‘lishi kerak», — dedi Zelenskiy.

Avvalroq Axios nashri Oq uydagi manbaga tayanib xabar berishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Zelenskiy bilan suhbatda Ukrainadagi urushni imkon qadar tezroq, hatto bir oy ichida yakunlashni istashini bildirgan.

Gap Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli bosqinining to‘rt yilligi ertasi kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti haqida ketmoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, «prezidentlar suhbati juda do‘stona va ijobiy ruhda o‘tgan».

Axios ma’lumotiga binoan, suhbat davomida Zelenskiy AQSh rahbariga Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirgan va faqat Tramp Putinni urushni to‘xtatishga majbur qila olishini ta’kidlagan. Tramp esa o‘z navbatida AQSh Rossiya bilan ehtimoliy tinchlik kelishuvi doirasida Ukrainaga «muhim xavfsizlik kafolatlari» berishga tayyorligini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid