Jahon | 23:52 / 28.02.2026
6025
2 daqiqa o‘qiladi

Dubayda nimalar bo‘lmoqda?

Eron AQShning Abu-Dabidagi aviabazasiga javob zarbalari yo‘llagach, Birlashgan Arab Amirliklari Yaqin Sharq mojarosining markazida qoldi. Harbiy obektlardan tashqari, Dubay va Abu-Dabidagi fuqarolik obektlari ham zarbalarga duch keldi.

Foto: Videodan kadr

Eronning maqsadi Abu-Dabidan 30 km uzoqlikda joylashgan Al-Dafra aviabazasi bo‘lgandi, biroq portlashlar nafaqat baza hududida, balki BAA poytaxti hamda Dubay shaharlarida ham sodir bo‘ldi. 

Reuters agentligining ma’lumot berishicha, muhtasham Dubai Marina tumani hududida portlashlar qayd etilgan. Abu-Dabida raketa qoldiqlari tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.

Havo hujumidan mudofaa tizimi Dubay osmonida Eronning bir nechta raketalarini urib tushirdi. Xabarlarga ko‘ra, raketalardan biri Palma Jumayra orolidagi Atlantis The Royal mehmonxonasi ustida urib tushirilgan. Mo‘jiza tufayli hech kimga zarar yetmagan.

Guvohlar shuningdek, Fairmont The Palm, Five mehmonxonalari va Adagio mehmonxonasi yaqinidagi bino hududida ham portlashlar bo‘lganini aytishmoqda. Yana bir raketa Abu-Dabidagi Al Raha Beach Resort & Spa kurorti va balandligi 250 metrli Ain Dubai charxpalagi yaqinida urib tushirildi. 

Qator ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Dubayda joylashgan dunyodagi eng baland bino Burj Xalifadan odamlar evakuatsiya qilingan. Shaharda taksi xizmatida muammolar paydo bo‘lgan, ko‘plab do‘konlar yopilgan. 

Xabar qilinishicha, portlashlardan eng ko‘p aviaqatnovlar jabr ko‘rgan. Kun o‘rtasiga kelib yuzga yaqin aviareys bekor qilingan va bu raqam o‘smoqda.  Mintaqa “qaynoq nuqta”ga aylangani bois qator aviakompaniyalar, jumladan Emirates, flydubai, Qatar Airways, Air India parvozlarni to‘xtatdi.

Dubay xalqaro aeroporti va Ol-Maqtum aeroporti faoliyati to‘xtatildi. Reyslar qabul qilinmayapti va parvoz qilmayapti, aholi va shahar mehmonlaridan aeroportlarga kelmaslik so‘ralgan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров

Mavzuga oid