Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pensiyaga kuzatilgan bojxonachi 4 kundan keyin yangi lavozimga tayinlandi
Davlat rahbarining yosh kadrlar korpusini shakllantirish haqidagi topshirig‘idan keyin tantanali ravishda pensiyaga kuzatilgan Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i Tolibjon Saidov, oradan bir hafta o‘tmay, yangi lavozimga tayinlandi. U faoliyatini “Bojxona servis” davlat muassasida direktor sifatida davom ettiradi.
Tolibjon Saidov 14 fevral kungi tadbirda / Foto: Bojxona qo‘mitasi
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi sobiq boshlig‘i Tolibjon Saidov tantanali tarzda pensiyaga kuzatilganidan bir hafta o‘tar-o‘tmay yangi lavozimga tayinlandi.
27 yanvar kungi selektorda davlat rahbari huquq-tartibot sohasiga yosh va talabchan rahbarlar korpusi kerakligini aytgan, shundan keyin bojxona, prokuratura va Milliy gvardiyada uzoq yillar ishlagan xodimlardan bir guruhi pensiyaga chiqarilgan edi.
Shular qatorida Tolibjon Saidov ham poytaxt bojxona boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod qilinib, 14 fevral kuni tantanali tarzda nafaqaga kuzatilgandi.
Foto: Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati
18 fevral kuni esa u Bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i bilan, “Bojxona servis” davlat muassasiga direktor etib tayinlangani ma’lum bo‘ldi.
Shu kuni qo‘mita raisi o‘rinbosari Otabek Ibragimov muassasada yig‘ilish o‘tkazib, yangi rahbarni jamoaga tanishtirgan.
“Tadbirda “Bojxona servis” davlat muassasasi faoliyatida erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ham tahlil qilindi. Shu boisdan yangi rahbar zimmasiga birinchi galda hal qilinishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab berildi”, – deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.
Bu qanday tashkilot?
“Bojxona servis” DM va uning hududiy bo‘limlari 2022 yilda tashkil etilgan bo‘lib, quyidagi vazifalarni bajaradi:
- davlat tashkilotlari va deklarantlar uchun shartnoma asosida bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni tuzish, bojxona xizmati organlariga taqdim etish hamda bojxona organlari nomidan tovar va transport vositalarini ko‘zdan kechirish hamda bojxona ko‘rigidan o‘tkazishga tayyorlash, qayta yuklashda ishtirok etish, shuningdek, tovarlarga doir bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish;
- chegara o‘tkazish punktlarini nazorat-texnik vositalar bilan jihozlash, ulardan foydalanishni (servis xizmatlar ko‘rsatish va ta’mirlash) ta’minlash, shuningdek, ushbu vositalardan foydalanganlik uchun pulli xizmatlar ko‘rsatish;
- chegara o‘tkazish punktlari va ularga tutash hududlarda avtoturargohlar tashkil etish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
- davlat bojxona xizmati organlariga tegishli bo‘lgan bino va omborlarda shartnoma asosida bojxona omborlari faoliyatini tashkil etish, bojxona omborlarida tovarlarni saqlash, yuklash, tushirish xizmatlarini ko‘rsatish hamda boshqa yuk operatsiyalarini amalga oshirish;
- bojxona organlari tasarrufidagi va foydalanuvidagi obektlarda qurilish-montaj ishlarini mustaqil ravishda yoki qonunchilik hujjatlariga muvofiq ruxsat olgan holda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirish;
- qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bojxona xizmati organlari tomonidan olib qo‘yilgan va davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni, bojxona ombori rejimida saqlash muddati o‘tgan va 90 kun ichida talab qilib olinmagan hollarda, qonunda belgilangan tartibda sud qarori asosida davlat egaligiga o‘tkazilgan tovarlarni saqlash va sotish, shu jumladan, «E-auksion shop» elektron savdo do‘koni orqali (qonunchilik hujjatlarida boshqa davlat organlarga beriladigan mol-mulklar bundan mustasno) sotish;
- shaxsning davlat foydasiga voz kechish to‘g‘risidagi qarori asosida olingan tovarlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq sotilishini tashkil etish, elektron bojxona plombalarini yetkazib berish hamda qo‘llash, chet el tovarlari bojxona nazorati ostida tashilayotganda, shu jumladan, yakka tartibda bojxona nazorati ostida tashilayotganda pulli xizmatlar ko‘rsatish orqali bojxona hamrohligida kuzatib borishni tashkil etish;
- Bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i (topshirig‘i)ga asosan qo‘mita markaziy apparati ehtiyoji, shuningdek, bojxona organlarida tashkil etiladigan xalqaro va respublika miqyosidagi tadbirlar uchun zarur tovarlar (xizmatlar)ni qonunchilikda belgilangan tartibda xarid qilish.
Mavzuga oid
16:44 / 21.02.2026
Amaldorlar daromadini deklaratsiyalash qonunini muhokamaga qo‘yish Adliya vazirligiga bog‘liq emasligi aytildi
18:43 / 18.02.2026
Sobiq davlat xizmatchilarining o‘zi nazorat qilgan xususiy sektorga borishi nazoratga olinadi
19:20 / 17.02.2026
«O‘zbekneftgaz» raisiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
22:45 / 12.02.2026