Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dovon ortidagi qishloq: Chetsuvda bir kun
Chetsuv Toshkent viloyati Ohangaron tumani tarkibiga kiruvchi qishloqlardan biri. Tog‘lar bilan o‘ralgan Chetsuv qishlog‘i Qamchiq dovonining qo‘ynida joylashgan. Aholisi chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Go‘zal tabiati bilan mashhur bo‘lgan qishloqda yashovchi O‘tkir aka Risboyevning xonadonida bo‘lib, oilaning kunlik yumushi bilan tanishdik.
O‘tkir aka Angren ko‘mir konida ekskavator haydaydi. 2 o‘g‘ilning otasi bo‘lgan qahramonimiz 60 sotix tomorqasiga olma, nok, gilos daraxtlari ekkan. Asosiy ishidan tashqari u chorva parvarishlaydi. Hovlisida tayyorlangan sut mahsulotlarini Qamchiq dovoni yo‘liga olib chiqib sotadi.


“Chetsuv qishlog‘i bilan faxrlansang arziydi. Shu qishloqda tug‘ilib ulg‘aydik. Tog‘ bag‘rida mol boqib, yoshligimiz o‘tdi. Chetsuv qishlog‘ining eng yuqori qismida yashaymiz. Qishloq Qamchiq dovoniga tutashgan.
Chetsuv qishlog‘ining havosi musaffo, suvi zilol. Buloq suvidan ichamiz. 60 sotix tomorqaga mevali daraxtlar ekkanman. Uning tagida sabzavotlar yetishtiramiz. Meva-sabzavotlar o‘zimizdan chiqadi, sotib olmaymiz. Aholining deyarli hammasi chorvachilik bilan shug‘ullanadi.


Dam olish kunlari tog‘larga chiqib, buloq suvidan choy qaynatib, mollarni boqib, tirikchilik qilib yuribmiz. O‘zim ekskavatorchiman. Angren ko‘mir konida ekskavatorchi bo‘lib ishlayman. Ikki o‘g‘ilning otasiman. O‘g‘illarim davlat ishida ishlaydi.


Sigirlarni sog‘ib, qatiq ivitib, qaymoq, sariyog‘ tayyorlaymiz. O‘zimizdan ortganini “pereval” yo‘liga olib chiqib sotamiz. Qishloqda ayollar uy yumushi bilan band bo‘ladi. Davlat ishida ishlaydigani kam.


Qora besh yulduzlar, golden, boyka olma navlarini ekkanman. Bir yilda o‘rtacha 2-3 tonna olma yig‘ib olamiz. Olmalarimizni ham shu yerga, bozorchaga olib chiqib sotamiz.


Mana, Alloh nasib qilsa, bahor ham yaqin. Bahorda Chetsuv tabiati yanada go‘zallashadi. Go‘zal qishloqni hech narsaga almashmayman”, deydi O‘tkir aka Risboyev.
Mavzuga oid
14:19 / 27.02.2026
Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish bilan bog‘liq ishda 11 kishi sudlanmoqda
09:52 / 27.02.2026
Telegram’dagi “bot” orqali mefedron sotish holati fosh etildi
12:07 / 25.02.2026
Kiberfiribgarlik: bemor bolalar uchun xayriya videolari orqali pul yig‘gan shaxs ushlandi
08:22 / 25.02.2026