Jahon | 18:04
12063
8 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqda urushning ikkinchi kuni. So‘nggi ma’lumotlar

Eronliklar motam tutmoqda; Tehron rasmiylari Ali Xominaiy uchun «qattiq qasos olinishi»ni va’da qildi. Tramp esa bundan tiyilishga chaqirib, aks holda «misli ko‘rilmagan darajada» zarba berilishidan ogohlantirdi.

Atta Kenare / AFP / Scanpix / LETA

Ali Xominaiyning o‘limi

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat diniy rahbari Ali Xominaiy halok bo‘lganini tasdiqladi. 86 yoshli Xominaiyning jasadi uning Tehrondagi qarorgohi xarobalari ostidan chiqarib olingan.

Korpus matbuot xizmati bayonotida uning o‘limi 28 fevral tongida AQSh va Isroil tomonidan yo‘llangan zarbalar oqibatida ro‘y bergani aytilgan. Xominaiy Eronni 1989 yildan buyon boshqarib kelayotgandi.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Xominaiy Isroilning «Arslon na’rasi» nomli amaliyoti chog‘ida Eronning boshqa yuqori martabali shaxslari bilan birgalikda o‘ldirilganini ma’lum qildi. Zarba vaqtida Xominaiyning yonida bo‘lgan qizi, kuyovi, kelini va nabirasi ham halok bo‘lgan.

Ali Xominaiy tug‘ilgan Mashhad shahridagi imom Rizo masjidi gumbazida motam bayrog‘i ko‘tarilgan. Mamlakatdagi masjidlar va maydonlarda bombod namozidan keyin yig‘ilgan minglab kishilar uning vafoti munosabati bilan motam boshlagan.

Tehrondagi motam marosimi ishtirokchilari
Atta Kenare / AFP / Scanpix / LETA

Tramp endi Eron bilan kelishish osonroq bo‘lishini aytdi. «Turgan gapki, endi bu bir kun oldingiga qaraganda osonroq», degan u CBS News telekanali muxbirining AQSh va Eron o‘rtasidagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish imkoniyatlari haqidagi savoliga javob berarkan. U islom respublikasi rahbarligi uchun «bir necha yaxshi nomzodlar borligi»ni qo‘shimcha qilgan, ammo gap aynan kimlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Bu xabarlar fonida Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof mamlakat qurolli kuchlari Ali Xominaiy o‘limi uchun qasos olishi va Amerikaning mintaqadagi obektlariga yanada qat’iy zarbalar yo‘llanishini va’da qildi.

Ali Xominaiy o‘ldirilgach Tehronda ko‘chalarga chiqqan eronliklar, 2026 yil 1 mart
Majid Asgaripour / WANA / Scanpix / LETA

Tramp esa Eronni javob zarbalaridan tiyilishga chaqirdi.

«Eron hozirgina har qachongidan ham qattiqroq zarba berishini aytdi. Bunday qilmagani yaxshi, chunki bunday qilsa, biz ularga hech qachon ko‘rilmagan kuch bilan zarba beramiz!» deya tahdid qildi AQSh prezidenti.

The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi Xominaiy qayerdaligini AQSh va Isroil hujumidan biroz oldin aniqlagan. Oyatulloh bir necha oy davomida – 2025 yilning yozidan boshlab kuzatib borilgan. Shu orqali AQSh razvedkasi Tehron markazidagi hukumat kompleksida 28 fevral kuni ertalab Eron oliy rahbariyati yig‘ilishi o‘tkazilishidan xabar topgan. Ertalabki soat 6 atrofida Isroil bazalaridan qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilgan. The Wall Street Journal nashri yozishicha, Isroil qiruvchi samolyotlari Xominaiy qarorgohiga 30 ta bomba tashlagan.

Operatsiya jarayonidan xabardor manbalarning aytishicha, hukumat binolari kompleksiga uyushtirilgan hujumdan keyin Eron maxsus xizmatlari rahbarlari joylashgan nuqtalarga ham zarbalar berilgan. Mahalliy rasmiy nashrlar Eron armiyasi bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Abdulrahim Musaviy, mamlakat mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, oyatullohning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Ali Shamhoniy va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpurning o‘limini tasdiqladi.

Xominaiyning o‘limidan keyingi rahbar saylangunicha mamlakatni vaqtincha Muvaqqat kengash boshqaradi – bu kengashdan mamlakatning amaldagi prezidenti Mas’ud Pizishkiyon, sud hokimiyati rahbari – bosh qozi G‘ulom-Husayn Muhsini-Ijaiy va Fiqh kengashi vakili oyatulloh Alirizo A’rofiydan iborat bo‘ladi.

Isroilning yangi zarbalari

Isroil mudofaa armiyasi yakshanba kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Tehrondagi obektlarga ketma-ket zarbalar berishni boshlaganini ma’lum qildi.

«Isroil harbiy-havo kuchlari Tehrondagi Eron rejimiga tegishli nishonlarga zarbalar seriyasini boshladi», - deyiladi armiya matbuot xizmati bayonotida.

Isroil harbiylariga ko‘ra, Eronning g‘arbiy va markaziy qismidagi havo hujumidan mudofaa tizimlarining aksariyati, shuningdek, Eron raketa zaxiralarining yarmi yo‘q qilingan.

Eronning javob zarbalari

Eron zarbalarga javoban Isroilga hujum qildi. Tel-Avivda Eron ballistik raketasi turar joy binosiga kelib tushgan, 40 yoshlar atrofidagi ayol halok bo‘ldi. Yana 27 kishi yaralangan – ikki kishining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, 25 kishi yengil tan jarohati olgan.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalarning oltinchi to‘lqini davomida Amerika bazalaridagi 27 ta obekt, shuningdek, Tel-Nof aviabazasi, Isroil mudofaa armiyasi bosh shtabi va Tel-Avivdagi yirik mudofaa sanoati obekti nishonga olingan.

Islom respublikasining AQSh va Isroil zarbalariga javoban yo‘llanayotgan Eron hujumlari Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Dubay xalqaro aeroportida uchib ketish zallaridan biri dron zarbasi oqibatida shikastlangan, deb xabar berdi amirlik matbuot xizmati. Aeroportning to‘rt nafar xodimi jarohatlangan. Dron parchalari qulashi Burj-al-Arab mehmonxonasida yong‘in chiqishiga olib keldi - osmono‘par binoning tashqi fasadi yonib ketgan, jabrlanganlar yo‘q. Dubayning o‘zida havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan to‘xtatilgan dronlar parchalari qulashi oqibatida ikki kishi jabrlandi, deb xabar berdi amirlik rasmiylari.

Yakshanba kuni O‘mondagi Dukm porti va sohil yaqinidagi neft tankeri ham Eron dronlari hujumiga uchradi. Bu AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilgan ushbu sultonlikka qilingan ilk hujum bo‘ldi.

Neft tankeri ekipaji evakuatsiya qilingan, ekipaj a’zolaridan to‘rt nafari jarohatlangan.

Yakshanba kuni tongida Bahrayn poytaxti Manamada va Qatarda ham portlash ovozlari eshitilgan.

Abu-Dabida mo‘ljaldan og‘dirilgan dronlardan biri Etihad Towers binosiga urilishi oqibatida bir ayol va yosh bola jarohat olgan. Dronlar Manama shahri aeroportiga ham hujum qilgan va zarar yetkazgan.

Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti maslahatchisi Anvar Gargash Fors ko‘rfazi davlatlariga qilinayotgan hujumlar uchun Tehronni qattiq tanqid qildi. «Bu Eronni og‘ir pallada yakkalab qo‘yadi. Sizning urushingiz qo‘shnilar bilan emas», – degan u.

BAA mudofaa vazirligiga ko‘ra, shanba kuni Eron BAA hududidagi nishonlarga 137 ta raketa va 209 ta dron uchirgan. 

Abu-Dabi aeroportida sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lib, yetti kishi yaralangan. Tunda Dubay va Kuvaytdagi aeroportlar ham hujumga uchragan.

Qatar rasmiylari Eron mamlakat bo‘ylab 65 ta raketa va 12 ta dron uchirgani, ularning aksariyati tutib olingani, shu bilan birga, sakkiz kishi jarohatlangani, ulardan biri og‘ir ahvolda ekani haqida xabar bergan.

Harbiy harakatlar tufayli Isroil, Qatar, Suriya, Eron, Iroq, Kuvayt, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari o‘z havo kengliklarini yopishgan.

Yaqin Sharqdagi asosiy aeroportlar – Dubay, Abu-Dabi va Doha aeroportlari faoliyatini to‘xtatgan, natijada Yaqin Sharqda ishlovchi aviakompaniyalar 1800 dan ortiq reyslarni bekor qilishga majbur bo‘lgan. Aeroportlarda o‘n minglab kishilar qolib ketgan.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid