Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Isroil Xominaiyning joyini qanday topgan?
Eron diniy rahnamosi o‘ldirilgan hujum kutilganidek yarim tunda emas, erta tongda amalga oshirildi.
AQSh va Isroil so‘nggi soatlarda qo‘lga kiritilgan muhim razvedka ma’lumotlaridan foydalanishga qaror qilishgani uchun voqealar rivoji boshqa yo‘sinda rivojlangan.
Ular bir necha oy mobaynida Eronning yuqori martabali mulozimlari bir joyga yig‘iladigan vaqtni kutishdi va Xominaiy shanba kuni ertalab Tehron markazidagi hukumat kompleksidagi binoda bo‘lishini aniqlashdi.
Eronlik yuqori martabali harbiylar va razvedkachilar ham shu vaqtda uchrashuv o‘tkazish va bu uchrashuv qayerda bo‘lishi ham ularga ma’lum edi.
AQSh va Isroil so‘nggi bir necha oy davomida Eron diniy rahnamosining harakatlanishini kuzatib borgan.
Tramp ijtimoiy tarmoqlardagi postida Xominaiy Amerika razvedkasi va yuqori texnologiyali kuzatish tizimlaridan qochib qutula olmaganini aytgan, ammo kuzatuvda aynan qanday metodlardan foydalanilgani oxirigacha aniq emas.
Xominaiy xuddi shu vaqtda qayerda bo‘lishi haqidagi ma’lumot josuslardan olingan bo‘lishi ham mumkin, ammo uning joylashuvi zamonaviy texnologiyalar yordamida Erondagi boshqa arboblarning harakatini kuzatish orqali topilgan bo‘lishi ehtimoli ko‘proq.
O‘tgan yil yozida, 12 kunlik urush vaqtida Isroil Eron yadro dasturiga aloqador bo‘lgan olimlar va amaldorlarga hujum qilishda alohida shaxslarning harakatlanishini kuzatish uchun aloqa vositalari tizimlarini buzib kirishdan ham foydalangandi.
Ayrim holatlarda bu muhim shaxslarning tansoqchilari harakatlarini kuzatishni ham o‘z ichiga olgan.
Bunday kuzatuv vaqt o‘tib kuzatuvdagi obektning kundalik hayotidagi o‘ziga xos odatlari haqida tasavvur hosil qilish hamda uning zaif nuqtalarini – u kim bilan va qanchalik tez-tez uchrashishi, bunday uchrashuvlarni qayerda o‘tkazishni afzal ko‘rishini bilib olish imkonini berardi.
Oliy rahbar doimiy ravishda Eron dushmanlari diqqat markazida turgani hech kimga sir emasdi, shuning uchun bir necha oy davomida bunday zaif nuqtalar topilib, bartaraf etilmagani – Eron xavfsizlik va kontrrazvedka tizimining jiddiy muvaffaqiyatsizligidan yoki Isroil va AQSh o‘z usullarini moslashtirib borgani, yangi kuzatuv usullarini topa olganidan dalolat beradi.
Hujum tafsilotlari
Erondagilar hujum noodatiy tarzda kun yorug‘ida amalga oshirilishi kutmagandi, bu esa AQSh va Isroilga nogahon hujum qilish orqali erishiladigan ustunlikdan foydalanish imkonini berdi.
The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasiga kelib tushgan aniq ma’lumot to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalarni amalga oshirish uchun Isroilga yetkazilgan.
Amaliyot boshlanishidan oldin vazifalar Amerika va Isroil harbiylari o‘rtasida taqsimlab olingan: Isroil e’tiborni Eron rahbariyati bilan bog‘liq nishonlarga, AQSh esa harbiy obektlarga qaratgan.
Amaliyotda razvedka Xominaiy va boshqa mulozimlarning harakatlari haqidagi aniq ma’lumotlarni yetarlicha erta yetkazgani, bu esa hujumni uzoq masofali raketalarni uchira oladigan qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda rejalashtirish imkonini bergani juda muhim rol o‘ynagan.
Reja endi raqibni boshsiz qoldiradigan bitta zarba o‘rniga, kattaroq kampaniyani boshlab beradigan hujumni nazarda tutardi. Natijada zarbadan keyin paydo bo‘ladigan imkoniyatlardan foydalanishni nazarda tutgan holda hujum vaqti oldinroqqa surildi.

Isroil qiruvchi samolyotlari Tehronga yetib borishi uchun ikki soatga yaqin vaqt talab etiladi, ammo hozircha ular o‘z raketalarini qanday masofadan turib uchirgani ma’lum emas.
Xabarlarga ko‘ra, qaror qabul qilingach, Isroil qiruvchilari mahalliy vaqt bilan taxminan soat 9:40 atrofida hukumat binolari kompleksiga 30 ta kuchli bomba tashlagan.
Xominaiy kompleks ostidagi yerosti bunkeridan foydalanishi ehtimolini hisobga olgan holda shunday qarorga kelingan bo‘lishi mumkin, bunday bunkerlarni buzish uchun bir necha bomba talab etilardi.
Eron poytaxtidagi boshqa obektlar, xususan, prezident Mas’ud Pizishkiyonning idorasi ham zarba ostida qolgan, ammo u bu vaqtda xavfsiz joyda bo‘lgan.
Isroil hujum oqibatida Eronning 40 dan ortiq qo‘mondonlari yo‘q qilingani haqida xabar berdi, Eron tomoni esa to‘rt nafar yuqori martabali harbiylari o‘limini tasdiqlagan, bular mamlakat qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Abdulrahim Musaviy, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur, mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, Harbiy kengash rahbari admiral Ali Shamxoniy.
Hujumga uchragan binodagi yig‘ilishda ulardan tashqari Aerokosmik kuchlar qo‘mondoni Sayyid Musaviy, razvedka idorasi rahbari o‘rinbosari Muhammad Sheroziy va boshqa harbiy qo‘mondonlar ham ishtirok etgan, ularning taqdiri hozircha noma’lum.
Tramp jonli efirda kuzatgan
Samolyotlar zarba berayotganida okean ortida yarim tun edi, Tramp esa o‘z ma’muriyati a’zolari bilan birga Floridadagi qarorgohida amaliyotning borishini jonli kuzatib turgan.
Bir necha soat o‘tib unga Eron oliy rahnamosi yo‘q qilingani haqida ma’lumot berishdi va u bu haqda e’lon qilib, Eron harbiylari va politsiyachilarini taslim bo‘lishga chaqirdi.
Yana bir necha soat o‘tib Erondagilar ham Xominaiy halok bo‘lganini tasdiqladi, mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilindi.
Lekin Tehrondagilar voqealarning bunday rivojiga tayyor bo‘lib chiqdi. Prezident Mas’ud Pizishkiyon, bosh qozi G‘ulom-Husayn Muhsiniy hamda Fiqh kengashi a’zosi Alirizo A’rofiy ishtirokidagi Muvaqqat kengash tuzilib, ular yangi diniy rahnamo saylangunicha mamlakatni birgalikda boshqarib turishi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, halok bo‘lgan boshqa harbiy qo‘mondonlarga ham o‘rinbosarlar tayyorlangan.
Bu esa Xomanaiyning o‘ldirilishi mojaroning keyingi rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatishi hali ham noaniq ekanini ko‘rsatmoqda.