Jahon | 20:56 / 02.03.2026
4436
2 daqiqa o‘qiladi

Eron oliy rahbarining bevasi jarohatlar oqibatida vafot etdi

79 yoshli Mansura Baqirzoda ham AQSh va Isroilning Tehronga bergan qo‘shma zarbasi oqibatida jarohat olgan edi.

Foto: Getty images

Eronning halok bo‘lgan oliy rahbari Ali Xominaiyning rafiqasi Mansura Xo‘jaste Baqirzoda yaralanganidan bir necha kun o‘tib vafot etdi, deb yozdi Al Alam. Ayol so‘nggi bir necha kun davomida koma holatida edi.

79 yoshli Mansura Baqirzoda ham AQSh va Isroilning Tehronga bergan qo‘shma zarbasi oqibatida jarohat olgan. U 1947 yilda tadbirkor oilasida tug‘ilgan, 1964 yilda Xominaiyga turmushga chiqqan. Bundan tashqari, u Eron teleradiokompaniyasi (IRIB) direktorining sobiq o‘rinbosari Hasan Xo‘jaste Baqirzodaning singlisi edi. Ayol jamoatchilik e’tiboridan chetda yashagan.

Ali Xominaiy 2026 yil 28 fevralda e’lon qilingan AQSh va Isroilning qo‘shma operatsiyasi oqibatida o‘ldirildi.

Eron hukumati 40 kunlik umummilliy motam e’lon qildi va mamlakat aholisiga yetti kunlik dam olish kuni berdi. Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon oliy rahbarning o‘ldirilishini dahshatli jinoyat deb atadi va buning uchun qasos olishga va’da berdi.

Havo hujumi oqibatida Xominaiy bilan birga uning qizi, kelini va kuyovi ham halok bo‘lgani haqida xabar berildi, ammo aniq ismlar rasman e’lon qilinmadi. Xominaiyning jami olti farzandi - to‘rt o‘g‘il va ikki qiz, shuningdek, yetti nabirasi bor edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid