O‘zbekiston | 09:25
1847
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston elchixonasi Isroildagi fuqarolarga shoshilinch tavsiya berdi

Mintaqada vaziyatning keskinlashuvi fonida O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi vatandoshlarni hushyorlikka chaqirib, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish va zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik bo‘yicha shoshilinch tavsiyalar bilan chiqdi.

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi fuqarolarga Isroil hukumati tomonidan belgilangan xavfsizlik choralariga qat’iy amal qilish, rasmiy ko‘rsatmalarga diqqat bilan rioya etish hamda imkon qadar keyingi ko‘rsatmalar olingunga qadar maxsus jihozlangan xavfsiz hududlarda bo‘lishni tavsiya qildi.

Diplomatik vakolatxona zaruratsiz holatlarda ko‘chaga chiqishni cheklash, xotirjamlikni saqlash muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, vaziyat barqarorlashgunga qadar Isroil hududini vaqtincha tark etish tavsiya etilgan.

Elchixona Isroil—Misr chegarasidagi tun-u kun ishlaydigan «Begin» chegara o‘tish punktiga alohida e’tibor qaratishni so‘ragan. Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolarining Sinay yarimoroliga kirishi uchun viza talab qilinmaydi. Chegaradan o‘tishni tezlashtirish maqsadida chegara bojlarini oldindan onlayn tarzda to‘lash tavsiya etilmoqda.

Boshqa quruqlikdagi o‘tish punktlaridan foydalanish tavsiya etilmaydi: ularning ish vaqti o‘zgarishi mumkinligi sabab, sayohatni rejalashtirishdan oldin dolzarb ma’lumotlarni aniqlashtirish zarurligi urg‘ulangan.

Elchixona fuqarolarni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarning rasmiy manbalaridagi yangiliklarni muntazam kuzatib borishga, shuningdek, Isroil xizmatlarining ogohlantirishlari va tavsiyalarini inobatga olishga chaqirdi.

Favqulodda vaziyatlarda quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilish mumkin: 03-672-2466, 03-672-2371, 03-758-5075, 03-758-5076, +972 54 485 1397, shuningdek [email protected] elektron pochtasi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid