O‘zbekiston | 21:38 / 02.03.2026
2238
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy delegatsiyalar hokimlar uchun “oilaviy tur”ga aylangan - agentlik xulosasi

Samarqand viloyatida rasmiy delegatsiyalar tarkibiga hokimlarning yaqin qarindoshlari kiritilgani haqidagi holatlar ortidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish olib bordi. Unga ko‘ra, Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari tomonidan xorijiy xizmat safarlariga hokimlarning o‘g‘li, turmush o‘rtog‘i hamda safarga aloqador bo‘lmagan shaxslar yuborilgan, ayrim ma’lumotlar esa ochiq e’lon qilinmagan.

O‘rganish davomida Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari mansabdor shaxslari xizmat safarlariga yaqin qarindoshlari, shuningdek safarga bevosita aloqador bo‘lmagan xodimlarni yuborgani aniqlangan.

Jumladan, Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlarining professional fermerlari uchun tashkil etilgan seminarga Qo‘shrabot tuman hokimining haydovchisi M.T. hamda hokimning o‘g‘li D.D. xizmat safariga yuborilgan.

Shuningdek, Xitoyda o‘tkazilgan “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va qayta ishlashni tashkil etish” mavzusidagi maxsus o‘quv kurslariga Qo‘shrabot tumanidagi sohaga aloqador hokimlik vakillari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari taklif etilgani ko‘rsatilib, 32 nafardan iborat delegatsiya ro‘yxati taqdim etilgan. Biroq tahlil jarayonida ayrim shaxslar, xususan tuman hokimining turmush o‘rtog‘i M.Sh. hamda hokimlikdagi boshqa mansabdor shaxsning yaqin qarindoshi Ch.H. ro‘yxatga asossiz kiritilgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, ro‘yxatdagi N.X. va M.S. Qo‘shrabot tumanidagi 1-son texnikum xodimlari sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, amalda ular mazkur texnikumda ishlamasligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi tomonidan 2025 yil 22-30 may kunlari investitsiya loyihalarini amalga oshirish va savdo shartnomalari bo‘yicha kelishuvlarga erishish maqsadida Xitoyga xizmat safari tashkil etilgan. Delegatsiya tarkibiga safar maqsadlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lmagan hokimlik xodimi ham kiritilgani qayd etilgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, davlat rahbarining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son farmoniga muvofiq mansabdor shaxslarning xorijiy xizmat safarlari haqidagi axborotlar ochiq e’lon qilinishi shart. Biroq Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tuman hokimliklari ushbu ma’lumotlarni asossiz ravishda yashirgan.

O‘rganish va tahlillar jarayonida to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaviy holatlarni aniqlash, qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish bo‘yicha choralar davom ettirilishini bildirdi. Shuningdek, agentlik mazkur yo‘nalishda OAV, jurnalistlar va blogerlar bilan ochiq hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid