Jahon | 12:48
1783
3 daqiqa o‘qiladi

Melaniya Tramp BMT Xavfsizlik kengashi majlisiga raislik qildi

AQSh prezidenti Donald Trampning rafiqasi, birinchi xonim Melaniya Tramp qurolli mojarolar vaqtida bolalarni himoya qilish mavzusiga bag‘ishlangan BMT Xavfsizlik kengashi majlisida raislik qildi. Tadbir Nyu-Yorkda 2 mart, dushanba kuni bo‘lib o‘tdi. U AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti fonida o‘tkazildi.

Foto: Timothy A. Clary/AFP

Birinchi xonim bugungi kunlarni “qiyin davr” deb atadi. “AQSh butun dunyo bo‘ylab barcha bolalarni qo‘llab-quvvatlaydi”, — deya ta’kidladi Melaniya Tramp. Bu bilan u gapni Yaqin Sharqdagi aniq mojaro haqida emas, umumiy vaziyat haqida aytayotganini anglatdi. “Umid qilamanki, yaqin orada sizlarga tinchlik nasib etadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Tadbirdan sal oldin Eronning BMT huzuridagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy AQSh raisligida bolalarni himoya qilish mavzusida Xavfsizlik kengashi majlisi o‘tkazilayotgan bir paytda AQSh armiyasi Eron shaharlarini raketalar bilan o‘qqa tutayotgani “juda uyatli va eng yuqori darajada tanqidga loyiq” ekanini aytdi.

Mart oyida rotatsiya tartibiga ko‘ra BMT Xavfsizlik kengashida raislik qilayotgan davlat — AQSh. Shu bilan birga, davlat rahbarining rafiqasi Xavfsizlik kengashi majlisini olib borgan holat mazkur organ tarixida birinchi marta kuzatilmoqda. Odatda BMT Xavfsizlik kengashi majlisiga prezidentlar, bosh vazirlar, tashqi ishlar vazirlari yoki mamlakatlarning doimiy vakillari raislik qiladi.

Xavfsizlik kengashining oldingi majlisi 28 fevral kuni bo‘lib o‘tgan. U AQSh va Isroilning Eronda harbiy amaliyot boshlagani munosabati bilan shoshilinch chaqirilgan edi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish AQSh va Isroilning Islom Respublikasiga bergan aviazarbalarini xalqaro huquq, jumladan BMT nizomi buzilishi sifatida qoralagan. Ayni paytda u Eronning javob zarbalarini ham Yaqin Sharq davlatlarining suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzish sifatida qoralagan.

Eron davlat OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 28 fevral kuni Eronning Minob shahrida “Shajare Tayyebe” nomli qizlar maktabi hududi yaqiniga raketa tushishi oqibatida kamida 165 kishi halok bo‘lgan, yana taxminan 100 kishi yaralangan. Minob okrugi prokurorining aytishicha, halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi maktab o‘quvchilari bo‘lgan.

Bu xabarlarga izoh bergan Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) vakili Nadav Shoshaniy isroillik harbiylarga “bu hududda har qanday Isroil yoki Amerika zarbalari” haqida ma’lumot yo‘qligini aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid