Jahon | 12:31 / 04.03.2026
1739
5 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga gaz yetkazib berayotgani haqidagi da’volarni rad etdi

Germaniyadagi muxolifat Berlin Germaniyaning o‘z gaz zaxiralari past bo‘lishiga qaramay, Kiyevga “nemis gazini” yetkazib berayotganini ma’lum qildi. Germaniya hukumati buni rad etdi va mamlakat orqali faqat tranzit oqimlari o‘tayotganini bildirdi.

Foto: Stefan Sauer/picture alliance/dpa

Nemis gaz omborlarida zaxiralar past bo‘lganiga qaramay, Berlin Ukrainaga Germaniyaga tegishli gazni yetkazib bermayapti. Ryugen orolidagi STG terminali orqali faqat tranzit tartibida AQSh gazi o‘tmoqda: uni Ukraina kompaniyasi “Naftogaz” Fransiyaning TotalEnergies kompaniyasidan sotib olgan. Bu haqda dushanba, 2 mart kuni Bayerischer Rundfunk (BR24) mediakompaniyasi xabar berdi.

“Bu da’voning hech qanday asosi yo‘q”, — deya ma’lum qildi BR24’ga Germaniya hukumati vakillari. Shu tariqa ular “Germaniya uchun muqobil” (GuM) partiyasi hamraislaridan biri Alis Vaydel va “Sara Vagenknext ittifoqi” partiyasidan Sara Vagenknext tarqatayotgan iddaolarga munosabat bildirdi.

Fevral oxirida Vaydel shunday degandi: “Germaniyada gaz omborlari deyarli bo‘sh, lekin baribir (GFR kansleri Fridrix — tahr.) Mers qolgan gazni Ukrainaga jo‘natishga qaror qildi”. Bu so‘zlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Xuddi shu paytda Vagenknext ham shunga o‘xshash videorolik bilan chiqish qilgan.

BR24 eslatishicha, Germaniya TIV hamda iqtisodiyot va energetika vazirligi bu ayblovlarni avval ham rad etgan. Iqtisodiyot vazirligi Bild gazetasiga: Germaniya “Ukrainaga gaz yetkazib berishni, jumladan nemis–ukrain energetik hamkorligi doirasida ham, moliyalashtirmaydi va muvofiqlashtirmaydi”, deb tushuntirgan. Shuningdek, ular Ryugendagi STG terminali holati “bozor iqtisodiyotidagi oddiy tovar oqimlari” ekanini ta’kidlagan. Vazirlik: “Germaniya yetkazib bermoqda” degan ifoda yanglish tasavvur uyg‘otadi”, — deya qayd etgan.

Germaniya TIV rahbari Yoxann Vadeful o‘shanda Vaydelning so‘zlarini “uyatsiz” yolg‘on, shuningdek “rossiyaparast propaganda” deb atagan.

BR24 tushuntirishicha, mojaroga 23 fevraldagi xabar sabab bo‘lgan: “Naftogaz” TotalEnergies’dan gaz sotib olish bo‘yicha kelishib olganini ma’lum qilgan. TotalEnergies AQShdan dengiz tankerlarida suyultirilgan tabiiy gazni (STG) Germaniyaning Ryugen oroliga yetkazadi. U yerda gaz qayta gazlashtiriladi (regazifikatsiya qilinadi) va keyin Germaniya hamda Polsha orqali gaz quvurlari bilan Ukrainaga uzatiladi.

— Gap davlatniki emas, tijoriy STG terminali orqali import haqida, — deb tushuntirdi BR24’ga Germaniya iqtisodiy tadqiqotlar institutining energetika bo‘yicha eksperti Fransiska Xols. — Biz faqat STG uchun tranzit hudud vazifasini bajaryapmiz. Balans nuqtai nazaridan, gaz butun vaqt ukrain ‘Naftogaz’iga tegishli bo‘lib qoladi.

Germaniya Federal tarmoq agentligi (Bundesnetzagentur) BR24’ga ma’lum qilishicha, nazariy jihatdan nemis gaz omborlaridan Ukrainaga gaz yetkazib berish ham mumkin. Chunki Germaniyada gazni saqlash va sotish bilan xususiy treyderlar va kompaniyalar shug‘ullanadi. Agar bu ular uchun manfaatli bo‘lsa, ular ukrain kontragentlariga ham gaz sotishi mumkin. Aksincha ham bo‘lishi mumkin: nemis kompaniyalari Yevropaning boshqa mamlakatlarida gazni saqlab, keyin uni Germaniyaga yuborishi.

“Gaz zaxiralari darajasi bilan gaz terminal orqali Ukrainaga yoki boshqa Yevropa mamlakatlariga ketyaptimi-yo‘qmi — bu ikkisi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q”, — deya ma’lum qilindi Bundesnetzagentur’da. Ular Germaniyada qo‘shimcha hajmlarda gaz import qilish imkoniyatlari yetarli ekanini, Ukrainaga tranzit yetkazib berishlar bu imkoniyatlarga umuman ta’sir qilmasligini ta’kidladi.

“Ukraina ham Yevropa (gaz — tahr.) tarmog‘iga ulangan, — dedi Fransiska Xols. — O‘rtacha olganda, o‘tgan yili Germaniyadagi STG terminallarida regazifikatsiya quvvatlarining 50 foizi ishlatilmay qolgan. Endi ‘Naftogaz’ ularning bir qismidan foydalanyapti”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid