Jahon | 23:14 / 04.03.2026
1907
4 daqiqa o‘qiladi

Minobdagi qirg‘in - urushning qonli ramzi

Amerikaning Eronga qarshi urushi davom etmoqda. Kecha Minobda katta janoza bo‘ldi. Amerika va Isroil shahardagi qizlar maktabiga qilgan hujumi oqibatida Eron nashrlariga ko‘ra, kamida 180 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar yaralangan. Qurbonlarning aksari maktab yoshidagi qizchalar. Minobdagi voqea Tramp va Netanyahu boshlagan dahshatli urushning qonli ramziga aylandi.

Minob Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan, shahardan shu nomli daryo oqib o‘tadi. Bu shahar qishloq xo‘jaligi rivojlangani, ajoyib xurmosi, dengiz mahsulotlariga boyligi bilan ajralib turadi. Eronning eng tabiati chiroyli joylaridan biri. Urushgacha shaharga aynan yuqoridagidek ta’rif berishardi. Lekin endi Minob deganda hammaning ko‘z o‘ngiga urushda o‘lgan yuzlab maktab o‘quvchilari keladi.

Oldin Minobda nima bor, deyishsa, dengiz mahsulotlari bozori, ajoyib tabiat bor deyishardi. Endi Minobda nima bor, desangiz, maktab qizchalarining ommaviy qabri bor deyishadi. Kecha shahar aholisi qizchalar uchun ommaviy qabr qazib, ularga janoza o‘qidi. Maktab bog‘ida o‘ynab yurishi kerak bo‘lgan qizchalar sovuq qabrga qo‘yildi.

Ularning o‘limida kim aybdorligi, kimning raketasi qayerdan turib otilgani, qanday muvozanat uchun maktab portlatilgani, maktab yonida qanday harbiy obekt borligi umuman ahamiyatga ega emas. Agar o‘sha maktab ichida atom bombasi tayyorlanadigan zavod bo‘lganda ham, unga raketa uchirishga, yosh bolalarni o‘ldirishga hech kimning haqqi yo‘q edi.

Maktab yonida Islom muhofizlari korpusi obekti bo‘lgani, maktabga eronliklarning o‘z bombasi tushgani haqida gapirishmoqda, lekin bu zolimlarni oqlashdan boshqa narsa emas. Urush boshlanmasa, o‘sha maktabga bomba tushmasdi, qizchalar oppoq kafanga o‘ralmasdi. Avvali bu iddaolar rost bo‘lganida, Tramp va Netanyahu allaqachon matbuot anjumani o‘tkazib, isbotlarini ko‘rsatib chiqqan bo‘lardi. Ular ham bilib turibdi maktab bolalari kimning raketasidan o‘lganini.

Dunyo siyosati, muvozanat degan gaplarni bir chekkaga yig‘ishtirib, o‘sha qizchalarning ota-onasi qay ahvolga tushganini shunchaki tasavvur qiling. Odam o‘z bolasini maktabga sog‘-omon yuborsa-yu, kechga borib uning jasadini vayronalar ostidan olib chiqsa. Dunyoda bunga arziydigan hech qanday da’vo yo‘q.

Afsuski, dunyodagi vaziyatga ta’sir qiladigan siyosatchilarning diydasi qotib ketgan. Ular kabinetda o‘tirib olib falon yil keyingi dunyo taqdiri haqida muzokara o‘tkazishni yaxshi ko‘radi. Davlat, kuch, ta’sir doirasi degan narsalar ularning nuqsonli boshlarini o‘rab olgan. Dunyo o‘zgarishi kerak. Siyosatchilar o‘zgarishi kerak.

Afsuski dunyoning boshi urushdan chiqmay qoldi. Lekin bolalar o‘limi hech qachon oddiy hol bo‘lmasligi kerak. Bolalarni o‘ldirganlar jazolanishi, gunohlardan qora bo‘lgan yuzlari bu bolalar qotili, deb butun dunyoga ko‘rsatilishi kerak. Dunyo siyosati qurboni bo‘lgan maktab qizchalarining joyi jannatda bo‘lsin. Ularni o‘ldirganlar albatta jazolanishiga ishongim keladi.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid