O‘zbekiston | 11:42
1760
2 daqiqa o‘qiladi

Taxiatosh tumaniga yangi hokim tayinlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida kadrlar almashinuvi doirasida Taxiatosh tumani hokimi lavozimiga yangi rahbar tayinlandi. Shu bilan birga, Vazirlar kengashi tizimida ham moliya-iqtisodiyot hamda qishloq va suv xo‘jaligi yo‘nalishlarida tayinlovlar amalga oshirildi.

Foto: joqargikenes.uz

Ma’lum qilinishicha, Islambek Sdikov Taxiatosh tumani hokimi etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Taxiatosh tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgan Kamiljan Aytbayev esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga tayinlandi.

Shuningdek, Atamurat Shamuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimiga tayinlangan. Tayinlovga qadar u Jo‘qorg‘i Kenges apparatida investitsiyalar, kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sektori boshlig‘i vazifasini bajargan.

Qayd etilishicha, ushbu tayinlovlar Qoraqalpog‘istonda boshqaruv tizimini takomillashtirish, sohalar kesimida ish samaradorligini oshirishga qaratilgan kadrlar yangilanishi doirasida amalga oshirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid