Jamiyat | 16:18
15351
4 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l o‘rtasidagi janjal voqeasi: ota va o‘g‘ilga hukm o‘qildi

Toshkent shahrida yo‘l o‘tkazgich ustida BYD mashinasidan tushib kelgan holda Gentra oynasini sindirib, haydovchiga hujum qilgan ota-o‘g‘il bezorilik jinoyati bo‘yicha jazoga tortildi. Jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i janjal sabab homilasini yo‘qotgani tasdiqlanmadi, shu sababli sudlanuvchilar qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatida aybsiz deb topildi. 21 sentabrdan qamoqda saqlanayotgan ota va o‘g‘il sud zalidan qamoqdan ozod etildi.

Toshkentda yo‘l o‘rtasida bezorilik qilgan ota va o‘g‘ilning ozodligi cheklandi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmiga ko‘ra, 55 yoshli ota B.U. va uning 24 yoshli o‘g‘li I.Yu. 2025 yil 16 sentabr kuni poytaxtning Yakkasaroy tumani hududida BYD mashinasida ketayotib, yo‘lda bezorilik sodir qilishgan: ular yo‘l o‘tkazgich ustida Gentra yo‘lini to‘sib, uning haydovchisi D.S. bilan janjallashgan.

Yo‘lning qatnov qismidagi janjal vaqtida ota-o‘g‘il boshqa mashinalarning harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan holda Gentra oynasini tepib sindirishgan. So‘ngra tanasining turli qismlariga zarba bergan holda D.S.ga tan jarohati yetkazishgan. Bu vaqtda Gentra’da haydovchining turmush o‘rtog‘i ham bo‘lgan. U janjaldan so‘ng o‘zini yomon his qilib, homilasini yo‘qotganini aytgan.

Ota va o‘g‘il sudda aybiga qisman iqror bo‘lib, Gentra haydovchisi qasddan 5-6 marta tormoz berib, avariyaviy holatni yuzaga keltirganini, janjal shu sababli kelib chiqqanini bildirgan. Shuningdek, ular yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun er-xotinga nisbatan javobgarlik masalasini ko‘rib chiqishni so‘rashgan.

Jabrlanuvchi D.S. esa janjal vaqtida ayolining homilasi tushib qolganini aytib, sudlanuvchilarga og‘ir jazo tayinlashni so‘ragan.

BYD mashinasida tinimsiz signal berib, meni siqib to‘xtatishdi. So‘ng I.Yu. hamda uni otasi B.U. tushib, meni haqoratlab, jismoniy zo‘ravonlik ishlatdi, mashinaning old oynasini sindirishdi. Men turmush o‘rtog‘im homilador ekanini aytganimga qaramasdan, ular bosh va qorin sohamga urishdi. Men mashinadan tushmadim.

Ularning yo‘lini to‘smaganman va haqorat qilmaganman. Ular meni urgan paytda turmush o‘rtog‘im urmasliklarini aytib, bo‘ynimdan ushlab oldi. O‘sha jarayonda sudlanuvchilarning qo‘llari turmush o‘rtog‘imga ham tegdi. Oqibatda u ham tan jarohati oldi. Hodisadan so‘ng turmush o‘rtog‘imning ahvoli yomonlashib, shifoxonaga murojaat qilganida homilasi tushgani ma’lum bo‘ldi”, degan Gentra haydovchisi sudda.

Shuningdek, D.S.ning turmush o‘rtog‘i homilador bo‘lganini test qilib bilganini, o‘sha kuni haqiqatan homilasini yo‘qotganini ma’lum qilgan. Ammo dastlabki tergov va sud davomida uning homilador bo‘lgani hamda voqea ta’siri oqibatida homilaning tushib qolganini tasdiqlovchi dalillar aniqlanmagan. Shu sababli, sud ota va o‘g‘ilni Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye,k” bandlari bo‘yicha aybsiz deb topib, jinoyat ishining shu qismini tugatgan.

JIB Yakkasaroy tuman sudi hukmi bilan ota va o‘g‘il Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Ularning har biriga 2 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazodan qamoqda saqlangan 5 oy 6 kun muddat chegirilib, o‘tash uchun 1 yil 6 oy 24 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.

Ota va o‘g‘il sud zalidan qamoqdan ozod etilgan.

Haydovchilar o‘rtasida janjal aks etgan video 2025 yil sentabr oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Shundan so‘ng ota va bolaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular ushlangan hamda jabrlanuvchining homilasi tushishi sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan edi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid