Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iroqda blekaut: butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi yo‘q
Iroqning barcha viloyatlarida elektr o‘chib qoldi. Mamlakat Elektr energiyasi vazirligi ma’lum qilishicha, bunga Iroq energetika tizimi uchun asosiylaridan biri bo‘lgan Rumayla elektr stansiyasida quvvatning kutilmaganda tushib ketishi sabab bo‘lgan.
Foto: Ismael Adnan/dpa/picture alliance
Iroq Elektr energiyasi vazirligi 4 mart, chorshanba kuni mamlakatda elektr energiyasi to‘liq o‘chganini ma’lum qildi. Keyinroq idora bildirishicha, blekautga Basra viloyatida joylashgan, Iroq energetika tizimida muhim ahamiyatga ega Rumayla elektr stansiyasida zarur hajmda gaz yetkazib berilishining kutilmaganda kamayib ketishi sababli yuzaga kelgan texnik nosozlik sabab bo‘lgan. U yerda quvvat birdan 1900 megavattga pasaygan va shu ham o‘chishga olib kelgan.
Guvohlar tomonidan olingan va ijtimoiy tarmoqlarda joylangan videolarga qaraganda, ayrim uylarda elektr bor, ammo ko‘cha yoritgichlari to‘liq o‘chgan.
Iroqning INA agentligi xabar berishicha, so‘nggi paytlarda bir necha bor Eron tomonidan hujumlarga uchragan elektr stansiyalari va elektr uzatish liniyalarida ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda.
Hodisa AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi beshinchi kunida sodir bo‘ldi. Ikki mamlakat 28 fevral kuni ertalab Eron hududiga zarba berishni boshlagan. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyati borligini aytdi va Eron armiyasini qurol tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olishga” chaqirdi.
Eronda zarbalar oqibatida kamida 787 kishi halok bo‘lganini 3 mart kuni davlat OAV Eron Qizil Yarim Oy jamiyati ma’lumotlariga tayanib xabar qildi. Eron javoban Isroilga va Fors ko‘rfazining bir qator davlatlariga zarba berdi, u yerlarda ham halok bo‘lganlar bor. Tehron arab davlatlari bilan urishmayotganini, balki mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga zarba berayotganini ta’kidlamoqda.
Mavzuga oid
22:57 / 04.03.2026
Iroq hududi butunlay elektrsiz qoldi
08:46 / 02.03.2026
Bundesver askarlari joylashgan obektlar Eron tomonidan o‘qqa tutildi
20:27 / 28.02.2026
Yaqin Sharqdagi mojaroning ilk kuni: Eron, Suriya, Iroq va BAAda qurbonlar qayd etildi
09:49 / 05.02.2026