Jahon | 15:21
2814
3 daqiqa o‘qiladi

Iroqdagi Eron kurd muxolifati shtabiga dron zarba berdi

Reuters agentligi manbalarga tayanib 4 mart, chorshanba kuni xabar berishicha, uchuvchisiz apparat (dron) Iroq Kurdistonidagi Dekala shahrida joylashgan eronlik kurd isyonchilarining qarorgohiga zarba bergan, ikki kishi yaralangan. Jurnalistlar qayd etishicha, hujum vaqtida tashkilot hududidagi qurol-aslaha ombori ham zarar ko‘rgan.

Foto: Matthew Goddard/ BBC

Shu bilan birga AFP agentligi isyonchilarning o‘ziga tayanib, Iroq shimolida muhojirlikda faoliyat yuritayotgan eron-kurd “Kurdiston Ozodlik partiyasi” pozitsiyalariga raketa uchirilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lganini yozadi. AFP ta’kidlashicha, ushbu hududda eronlik kurd isyonchi guruhlarning bir nechtasining lagerlari va bazalari joylashgan.

Eron Iroq shimolida keng muxtoriyatga ega Kurdiston rahbariyatini Islom Respublikasiga hujumlarga aloqador isyonchilarga panoh berib kelayotganlikda anchadan beri ayblab keladi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) ilgari ham ularning bazalariga bir necha bor zarba bergan.

Yangi hujum AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi fonida ro‘y berdi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda eronlik kurd otryadlari AQSh bilan mamlakatning g‘arbiy qismidagi Eron kuch tuzilmalariga ehtimoliy hujum masalasida maslahatlashgan.

Agentlik manbalariga ko‘ra, Eron–Iroq chegarasida joylashgan eronlik kurd koalitsiyasi AQSh va Isroil Erondagi nishonlarga zarba berayotgan paytda mamlakat armiyasini zaiflashtirish umidida shunday operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Reuters manbalari da’vo qilishicha, hujum orqali Eron oliy rahbari Ali Xominaiy o‘ldirilganidan so‘ng rejimga qarshi chiqqan eronliklar isyoni uchun sharoit yaratish rejalashtirilgan.

Ularning aytishicha, isyonchilar AQShdan harbiy ko‘makni, jumladan qurol yetkazib berishni ham so‘ragan. Biroq operatsiyani o‘tkazish bo‘yicha yakuniy qaror va ehtimoliy muddatlar hali qabul qilinmaganini agentlik qayd etadi.

Isroil va AQSh 28 fevral kuni ertalab Eron hududiga zarba berishni boshladi. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyati borligini bildirdi. U Eron armiyasini qurol tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olishga” chaqirdi.

Eron davlat OAV 4 mart kuni xabar berishicha, zarbalar natijasida mamlakatda kamida 1045 kishi halok bo‘lgan. Eron javoban Isroilga va Fors ko‘rfazining bir nechta davlatlariga zarba berdi, u yerlarda ham halok bo‘lganlar bor. Tehron arab davlatlari bilan urishmayotganini, balki mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga zarba berayotganini ta’kidlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid