O‘zbekiston | 15:51
2326
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi 715 ming so‘m deb belgilandi

Statistika qo‘mitasi 2026 yil uchun jon boshiga oylik minimal iste’mol xarajatlari miqdorini 715 ming so‘m deb e’lon qildi. Bu – o‘tgan yilgidan 6,9 foizga yuqori. 2025 yilgi rasmiy inflatsiya esa 7,3 foizga baholangan edi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2026 yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming so‘mni tashkil etdi, deya e’lon qildi Milliy statistika qo‘mitasi.

Bu – 2025 yilda amal qilgan qiymat (669 ming so‘m)dan 6,9 foizga yuqori.

Qayd etish lozim, Statqo‘m 2025 yilni inflatsiyani 7,3 foizga baholagan edi.

Minimal iste’mol xarajatlari (MIX) – O‘zbekistonda kambag‘allikning rasmiy chegarasi hisoblanadi. Qaysiki oilada jon boshiga daromad MIXdan past bo‘lsa, o‘sha oila rasman kambag‘al hisoblanadi va davlat u oilani kambag‘allikdan chiqarish mas’uliyatini oladi.

Statistika qo‘mitasining qayd etishicha, 2026 yil uchun MIXning 715 ming so‘mlik qiymati – 2025 yilgi inflatsiyaning “oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar bo‘yicha narx indekslarini asosida alohida indeksatsiya qilish natijasi”da kelib chiqqan.

Qonunchilikka ko‘ra, Milliy statistika qo‘mitasi minimal iste’mol xarajatlari va kambag‘allik darajasini har yilgi hisobot yilida inflatsiya darajasidan kelib chiqib, keyingi yilning 20 yanvariga qadar e’lon qilib borishi kerak.

Biroq qo‘mita yangi qiymatlarni kechikib: o‘tgan yili 4 fevralda, joriy yilda esa 4 martda e’lon qildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid