Jahon | 09:56
1475
3 daqiqa o‘qiladi

Pistorius: Germaniya Eronga qarshi urushda qatnashmaydi

GFR mudofaa vaziri mamlakatning Eronga qarshi urushda ishtirokini istisno etdi va “chiqish strategiyasi” yo‘qligini tanqid qildi. Bundestagda Eronga berilgan zarbalarning xalqaro huquq me’yorlariga mosligi haqida bahs avj oldi.

Foto: Jakub Porzycki/Anadolu/IMAGO

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Germaniyaning Eron bilan urushda ishtirokini istisno etdi va mojarodan “chiqish strategiyasi” yo‘qligidan xavotir bildirdi. “Germaniya bu urushda qatnashmaydi”, — dedi u 4 mart, chorshanba kuni Bundestagda mojaroga bag‘ishlangan dolzarb soat davomida. Parlamentda, shuningdek, Eronga berilgan zarbalarni xalqaro huquq nuqtai nazaridan baholash masalasi ham muhokama qilindi.

“Germaniya mojaro tomoni emas”, — dedi Pistorius bahs-munozaralar chog‘ida. Uning aytishicha, buning o‘rniga GFR “keskinlikni pasaytirish va zo‘ravonlikning yanada kengayishini tiyish” uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi. Shu maqsadda u Isroil, AQSh va YeIdagi hamkasblari bilan aloqada ekanini bildirdi.

Vazir harbiy harakatlar to‘xtagandan keyingi davr uchun aniq reja kerakligini ta’kidladi. “Tarix o‘rgatadi: urushni boshlash uni tugatishdan osonroq”. “Bu degani — aniq chiqish strategiyasi zarur, men esa hozir uni ko‘rmayapman. Mintaqadagi nizolarni faqat harbiy kuch bilan va yakka tarzda hal etish mumkin, deb o‘ylash — noto‘g‘ri”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Xristian-demokratik ittifoq (XDI)ning tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Norbert Ryottgen Erondagi “mullalarning terroristik rejimi” “eng yuqori darajada zaiflashgan”, deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Eron xalqi uchun “eng katta yutuq” bo‘lib, mintaqada va uning tashqarisida xavfsizlik mustahkamlanishini anglatadi.

So‘l partiyaning hamraisi Ines Shverdtner GFR kansleri Fridrix Mersni Eronga berilgan zarbalarni “xalqaro huquqni buzish” deb atamayotgani uchun tanqid qildi. Uning aytishicha, xalqaro huquqni “o‘z xohishiga ko‘ra talqin qilish”ni Mers shaxsan hal qilmaydi. Shverdtner tashqi tomondan rejim almashishi ozodlik olib kelmasligini, aksincha urush olovini yanada alangalatishini bildirdi.

“Yashillar” partiyasining tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Omid Nuripur ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrinddan Germaniyada Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) faoliyatini taqiqlashni talab qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, moliya vaziri Lars Klingbayl Eron rahbariyati aktivlarini muzlatishga ko‘maklashishi, prokuratura esa insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha tergov qo‘zg‘atish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerak.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid