O‘zbekiston | 11:31
1529
3 daqiqa o‘qiladi

Fevral oyida ayrim hududlarda harorat rekordlari yangilandi

O‘zbekistonda 2026 yil fevral oyi odatdagidan ancha iliq ob-havo bilan kechdi. Ayrim kunlarda esa bir qator hududlarda harorat rekord darajagacha ko‘tarildi.

Foto: Kun.uz

Ma’lum qilinishicha, fevral oyi davomida kuzatilgan juda iliq ob-havo oyning asosiy xususiyatlaridan biri bo‘ldi. Oy davomida qisqa muddatli sovuqlar kuzatilgan bo‘lsa-da, o‘rtacha bir kecha-kunduzlik havo harorati asosan iqlim me’yoridan yuqori bo‘ldi. Faqat fevral oyining oxirgi kunida harorat me’yordan 2–3 darajaga past bo‘ldi.

Respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida sovuq qisqa muddatli bo‘lib, harorat me’yordan 4–6 darajaga past bo‘lgan. Shu bilan birga, o‘rtacha oylik havo harorati mamlakatning katta qismida iqlim me’yoridan 5–7 darajaga, shimoli-g‘arbiy hududlarda esa 3–4 darajaga yuqori bo‘lgan.

O‘zbekiston hududining katta qismida, shimoli-g‘arbiy hududlardan tashqari, 2026 yil fevrali meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq fevral oylaridan biri sifatida qayd etildi.

Oyning eng iliq kunlarida respublika hududining katta qismida kunduzi havo harorati 22–27 daraja iliqqacha, shimol va Farg‘ona vodiysida esa 19–21 daraja iliqqacha ko‘tarildi. 19–20 fevral kunlari ayrim hududlarda ushbu sanalar uchun maksimal harorat qiymatlari deyarli hamma joyda yangilandi.

Shu bilan birga, ayrim kechalarda havo harorati 0–4 daraja sovuqqacha, respublika shimolida 8–13 daraja sovuqqacha, Ustyurt hududida esa 15–18 daraja sovuqqacha pasaydi. Markaziy va janubiy viloyatlarning qator tumanlarida esa harorat manfiy qiymatlargacha tushmadi.

Fevral oyida respublika bo‘yicha asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ingarchilik kuzatildi, shimoli-g‘arbiy hududlarda esa yomg‘ir va qor yog‘di. Ayrim hududlarda kuchli yog‘ingarchilik ham qayd etildi.

Xususan, 5 fevral kuni Urganchda bir kecha-kunduzda 48 millimetr yog‘ingarchilik qayd etildi. Bu ko‘rsatkich oylik me’yorning 302 foizini tashkil etib, nafaqat fevral oyi, balki butun yil uchun maksimal bir kecha-kunduzlik yog‘ingarchilik bo‘yicha yangi rekord sifatida qayd etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid