Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ozarboyjon Eron bilan keskinlik fonida diplomatlarini qaytarmoqda
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Tehrondagi elchixona va Tabrizdagi bosh konsullikni evakuatsiya qilishni buyurdi. Boku Naxichevon aeroportiga Eron tomonidan berilgan zarbani terakt deb baholamoqda.
Foto: REUTERS
Ozarboyjon Eron hududidan uchirilgan bir nechta dron Ozarboyjon hududiga qulaganidan keyin Erondan diplomatik xodimlarini olib chiqishini e’lon qildi, deb ma’lum qildi mamlakat tashqi ishlar vaziri Jyeyhun Bayramov 6 mart, juma kuni.
“Tegishli topshiriqlar berilgan. Ular Tehrondagi elchixonamizdan ham, Tabrizdagi bosh konsulligimizdan ham evakuatsiyani qamrab oladi. Hozirda bu yo‘nalishda tegishli ishlar olib borilmoqda”, — dedi u.
Bayramovning so‘zlariga ko‘ra, u bir kun oldin eronlik hamkasbi Abbos Arag‘chi bilan muzokara o‘tkazgan. “Eron tomoni ushbu hodisani atroflicha tekshirishga va’da berdi va biz natijalarni kutmoqdamiz”, — dedi u.
5 mart kuni Erondan uchgan kamida to‘rtta dron Ozarboyjonning Eron bilan chegaradosh va mamlakatning asosiy hududidan Armaniston bilan ajralgan eksklavi — Naxichevonga kirib kelgan. Ozarboyjon TIV ma’lumotiga ko‘ra, dronlardan biri aeroport terminaliga, yana biri esa maktab hududiga tushgan. To‘rt kishi jarohat olgan.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Eronni “terroristik” hujumda aybladi va javob choralari bilan tahdid qildi. Eron esa, o‘z navbatida, Naxichevon aeroporti zarba nishoni bo‘lmaganini bildirdi.
Eron azaldan Isroil — Ozarboyjonning yaqin ittifoqchisi va muhim qurol yetkazib beruvchisi Ozarboyjon hududidan Islom Respublikasiga qarshi zarbalar berish uchun foydalanishi mumkinligidan xavotir bildirib keladi. Iyun oyida Boku Tehronni Isroilga o‘z hududidan Eronga qarshi hujumlar uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasligiga ishontirgan edi. O‘shanda Isroil va AQSh o‘n ikki kunlik urush chog‘ida Erondagi uchta muhim yadroviy obektga hujum qilgan edi.
Tehron, shuningdek, mamlakat ichidagi ozar milliy ozchiligi orasidagi separatistik kayfiyatlarga ham azaldan shubha bilan qarab keladi. Eronning 83 million aholisidan taxminan 10 millioni ozar milliy ozchiligiga mansub.