O‘zbekiston | 09:52 / 07.03.2026
2073
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar Bolgariyada ishga joylashtiriladi

O‘zbekiston fuqarolarini Bolgariyada tashkiliy tartibda ishga joylashtirish hamda ularning malakasini oshirishga qaratilgan pilot loyihani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Foto: Migratsiya agentligi

Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev Bolgariya avtotransport palatasi (CBRH) boshqaruv kengashi raisi Petko Angelov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda hamyurtlarni Bolgariyada tashkiliy tartibda ishga joylashtirish, tayyorgarlik jarayonlari hamda litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi.

Bolgariya tomoni transport va logistika sohasida kadrlarga ehtiyoj mavjudligini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, diagnostik uskunalar va elektron tizimlar bilan qisqa adaptatsiyadan so‘ng ish boshlay oladigan mexaniklar va texnik mutaxassislar malakasi va vazifasiga qarab 2500 yevrogacha maosh olishi mumkin.

Shuningdek, haydovchilar uchun Yevropa Ittifoqi qoidalari asosida maxsus tayyorgarlikdan o‘tish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirish, pilot loyihani yo‘lga qo‘yish va maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid