Jahon | 15:35 / 08.03.2026
16346
12 daqiqa o‘qiladi

Eronga qarshi urushda ikkinchi front. Livanda nimalar bo‘lmoqda?

Mahalliy hukumat amalda o‘z hududiga bosqinni qo‘llab-quvvatladi.

Foto: Kawnat Haju / AFP / Scanpix / LETA

Yaqin Sharqda boshlangan katta urushdagi asosiy front – Eron va Fors ko‘rfazi mamlakatlari bo‘lmoqda. Ahamiyati bo‘yicha ikkinchisi esa – Livan. Va u yerda asosiy frontdagiga qaraganda ancha oldinroq kardinal siyosiy o‘zgarishlar ro‘y berishi mumkin. Isroil yana «Hizbulloh»ga qarshi urush boshladi – va bu safar ushbu tashkilot uzil-kesil tor-mor etilishi ehtimoli har qachongidan ko‘ra yuqori.

«Hizbulloh» – bir vaqtning o‘zida Livandagi eng yirik siyosiy kuch, mamlakat armiyasi bilan teng kuchga ega bo‘lgan qurolli guruh hamda Isroilga qarshi kurashishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan tashkilotdir. «Hizbulloh» 1980-yillarda tashkil etilgan va o‘tgan vaqt mobaynida Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinadi (korpus ushbu tashkilotni qurollantiradi, moliyalashtiradi, jangchilarini o‘qitadi hamda razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlaydi).

«Hizbulloh» – Eronning proksi kuchlari, ya’ni uzoq vaqt davomida Eronga o‘ziga xos tashqi mudofaa chegarasi sifatida xizmat qilib kelgan qurolli guruhlar orasida eng yirigi va eng muhimi hisoblanadi. Islom respublikasi nuqtayi nazariga ko‘ra, guruhning asosiy vazifasi Isroilga tahdid solib turish hisoblanadi: agar yahudiylar davlati Eronga qarshi qandaydir harakat sodir etsa, «Hizbulloh» darhol Tehron nomidan javob qaytaradi. Guruh hech qachon Isroilni mag‘lub etadigan darajada kuchga ega bo‘lmagan – ammo yaqin vaqtlargacha unga juda jiddiy iqtisodiy va siyosiy zarar yetkaza oladigan darajada edi. Eronning hisob-kitoblariga ko‘ra, atrofidagi proksi kuchlar tufayli Isroilga Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv qimmatga tushgan bo‘lardi va shuning uchun Isroil bunday to‘qnashuvdan qochgan.

Ammo Eron «Hizbulloh»ni to‘liq nazorat qilmaydi – guruhning Eronni himoya qilishdan tashqari o‘z ambitsiyalari ham bor. Livan aholisi orasida xristianlar, sunniylar va shialar ulushi deyarli teng miqdorda – va butun siyosat konfessional xarakterga ega. Shu darajadaki, prezident – doim xristianlardan, bosh vazir – doim sunniylardan, parlament spikeri – doim shialardan bo‘ladi. «Hizbulloh» – azaldan diskriminatsiyaga uchrab kelgan shialar manfaatlarini ifodalovchi tashkilotlar orasida eng yirigidir. «Hizbulloh»ning «Qarshilikka sodiqlik» nomli o‘z partiyasi ham bor, u hozirgi parlamentda 128 o‘rindan 14 o‘ringa ega (kattaligi bo‘yicha uchinchi fraksiya).

2022 yil oktyabridan 2025 yil yanvargacha – Livan siyosiy turg‘unlik davrini boshdan kechirdi. Partiyalararo ziddiyat tufayli parlament prezidentni saylay olmadi, prezident yo‘qligida hukumatni tayinlab bo‘lmasdi. «Hizbulloh» ushbu inqirozning yagona sababi emasdi, ammo bu masala hal qilinishiga to‘sqinlik qildi: uning prinsipial dushmanlaridan kimdir prezidentlikka saylanmasligi guruh uchun muhim edi.

Shu fonda, 2023 yil 7 oktyabrda Hamas Isroilga hujum uyushtirdi. Keyingi kuni «Hizbulloh» ham Isroil shimolini o‘qqa tutishni boshladi. Bunga javoban Isroil Livan hududiga artilleriya va aviatsiyadan zarbalar berdi.

Oradan bir yil o‘tib vaziyat o‘zgardi. 2024 yil sentabrida Isroil maxsus xizmatlari «Hizbulloh» jangchilarining peyjyerlari va ratsiyalarini masofadan portlatish amaliyotini o‘tkazdi. Keyin esa guruhning Livan janubidagi, sharqda joylashgan Bekaa vodiysidagi, shuningdek, Bayrutning shialar istiqomat qiluvchi Dahiya tumanidagi pozitsiyalari bo‘ylab yopirilma aviazarbalar yo‘llandi (bu hududlarning barchasi amalda Livan hukumati emas, «Hizbulloh» tomonidan nazorat qilinadi). Bir necha kun ichida «Hizbulloh» rahbariyati deyarli to‘liq tarkibda yo‘q qilindi, xususan, guruhning uzoq yillik rahbari Hasan Nasrulloh, uning o‘rinbosari, o‘rinbosarning o‘rinbosari o‘ldirildi.

Ko‘p o‘tmay Isroil mudofaa armiyasi quruqlik orqali Livan janubiga kirdi – va bu hududda noyabr oyigacha qolib, «Hizbulloh» obektlarini egallash, jangchilar va qurol-yarog‘larni yo‘q qilish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Isroilliklar hududni tark etishdan oldin Livan hukumati bilan «Hizbulloh» tomonidan yangi tahdid bo‘lgan taqdirda, amalda erkin harakatlanish (aviazarbalar berishda) imkonini beruvchi kelishuv tuzadi.

Bu voqealar katta siyosiy oqibatlarga olib keldi. «Hizbulloh» o‘z vaqtida Suriyadagi Bashar Asad rejimining ham tayanchlaridan biri bo‘lgan. Isroil bilan urushda zaiflashgach, guruh 2024 yil dekabrida unga yordamga bora olmadi va Suriyaning qurollangan muxolifati diktatorni osonlik bilan ag‘darib tashladi.

Livanning o‘zida esa «Hizbulloh» siyosiy jarayonlarda yon berishga majbur bo‘ldi va parlament nihoyat prezidentni saylay oldi. Bu lavozimni Livan armiyasi bosh qo‘mondoni Jozef Aun egalladi. U bosh vazirlikka BMT Xalqaro sudi sobiq raisi Navaf Salomni tayinladi.

Livan Isroilni rasman tan olmaydi, ammo bu yangi hukumatga tezda yahudiy davlati bilan ishchi munosabatlarni o‘rnatishga to‘sqinlik qilmadi. Ular vaziyat taqozosi tufayli amalda ittifoqchilarga aylandi. Ularning ikkisi ham «Hizbulloh»ni qurolsizlantirishni istardi: Isroil – shimoliy chegarasidagi dushmandan qutulish uchun, Livan hukumati – Eron ta’siridan xalos bo‘lish va nihoyat butun mamlakat hududini o‘z nazoratiga qaytarish uchun.

2024 yil kuzidan 2026 yil bahori boshigacha Livan armiyasi asta-sekin mamlakat janubiga siljib, «Hizbulloh» obektlarini (bunkerlar, tunnellar, qishloqlar) egallab, qurollarni, jumladan, Isroilni o‘qqa tutish uchun mo‘ljallangan raketalarni olib qo‘ydi. Bu deyarli har doim jangsiz, joylardagi qo‘mondonlar darajasidagi kelishuvlar orqali amalga oshirildi. «Hizbulloh» jangarilari qarshilik ko‘rsatadigan bo‘lsa, Isroil samolyotlari uchib kelardi. Livan armiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlardan qochdi, chunki «Hizbulloh»ga qarshi kurasha olishiga ishonchi komil emasdi.

Isroil rahbariyati Livanning yangi hukumati bilan o‘zaro munosabatlardan, umuman olganda, mamnun edi. Hatto Livan arab mamlakatlari va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Biroq, «Hizbulloh»ni qurolsizlantirish sur’atlari Isroilni qoniqtirmadi – uning razvedkasi tashkilot eski qurollarni topshirishi barobarida yangi qurollarga ega bo‘layotgani, qurollarini tashlayotgan eski a’zolarga qaraganda ko‘proq yangi a’zolarni o‘z saflariga qo‘shib olayotgani haqidagi xulosaga keldi.

Shunday fonda Amerika va Isroilning Eronga qarshi qo‘shma amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rildi. «Hizbulloh» endi Isroil uchun 2023–2024 yillardagi kabi tahdid tug‘dira olmasdi, ammo baribir Eron raketalaridan keyingi o‘rindagi ikkinchi xavf manbayi bo‘lib qolayotgandi.

27 fevral kuni Amerikaning Isroildagi elchixonasi AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Quddusga tashrifiga (keyinchalik bekor qilingan) tayyorgarlik ko‘rish doirasida mintaqadagi vaziyatga o‘z bahosini beruvchi memorandumni Davlat departamentiga yubordi. Ushbu hujjatda boshqa narsalar qatori Isroil Livan rasmiylarining «Hizbulloh»ni qurolsizlantirish qobiliyatidan hafsalasi pir bo‘lgani ham ko‘rsatilgan.

Fevral oyi mobaynida AQSh Yaqin Sharqda o‘z harbiy guruhini yig‘ayotganda, Isroil Livan janubidagi va Bekaa vodiysidagi «Hizbulloh» pozitsiyalariga bir necha bor havo hujumlari uyushtirib, qurol-yarog‘ zaxiralarining bir qismini yo‘q qildi hamda jangarilarning bir necha qo‘mondonini o‘ldirdi. 24 fevral kuni Isroil Livan hukumatini ogohlantirdi: agar Eron bilan urush boshlansa va «Hizbulloh» unga aralashsa – Isroil harbiy-havo kuchlari ushbu mamlakat hududida zarba berish uchun mingdan ortiq nishonlar ro‘yxatini tayyorlab qo‘ygan, ular orasida Bayrut xalqaro aeroporti ham bor. Shundan keyin Livan bosh vaziri Navaf Salom omma qarshisida chiqish qilib, «Hizbulloh»ni «Livanni navbatdagi avantyuraga jalb qilmaslik»ka chaqirdi.

Isroil tanklari Livan bilan chegaraga olib kelinishi, 2026 yil 5 mart
Atef Safadi / EPA / Scanpix / LETA

Eronga qarshi urush 28 fevral kuni boshlandi. Dastlabki kundagi harbiy amaliyotlar oqibatida oyatulloh Ali Xominaiy ham halok bo‘ldi – u «Hizbulloh» a’zolari uchun nafaqat siyosiy ittifoqchi, balki ma’naviy ustoz ham hisoblanardi. Xominaiyning o‘limi haqidagi ma’lumot rasman tasdiqlanganidan keyin, 2 martga o‘tar kechasi «Hizbulloh» Isroil hududiga raketa zarbalari yo‘llashga kirishdi.

Bunga javoban Isroil, va’da qilganidek, Livan janubi, Bekaa vodiysi va Dahiya bo‘ylab yoppasiga havo hujumlarini uyushtira boshladi. Nishonlar orasida «Hizbulloh» bosh kotibi Naim Qosim, «Qarshilikka sodiqlik» partiyasi rahbari Muhammad Ra’d (ikkisi ham omon qolgan) va harakatning boshqa rahbarlari, Eronning Livandagi vakillari, shuningdek, «Hizbulloh» nazorati ostidagi «Al-Manar» telekanalining Bayrutdagi shtab-kvartirasi bor edi. Bundan tashqari, Isroil mudofaa armiyasi Livan janubiga bir necha kichik quruqlik reydlarini amalga oshirdi. Yangi keng ko‘lamli quruqlik operatsiyasi haqida hozircha gap yo‘q, ammo voqealarning bunday rivoji istisno qilinmayapti.

Isroil Livan janubidan va Dahiyadan tinch aholini evakuatsiya qilish haqida ogohlantirmoqda. Livan rasmiylariga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida allaqachon 77 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq kishi yaralangan. Yana 80 ming kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Livan hukumati o‘z suverenitetini buzgani uchun Isroilning harakatlarini qoraladi va BMT hamda AQShdan bu borada yordam so‘radi. Shu bilan birga, rasmiy Bayrut «„Hizbulloh“ning xavfsizlik va harbiy sohadagi harakatlari» taqiqlanganini e’lon qildi.

Bunday e’lon orqali Livan hukumati o‘z hududida «xavfsizlik va harbiy harakatlar» (ya’ni kuch ishlatish) bo‘yicha monopoliyaga ega emasligini tan oldi. Livan armiyasiga chegara hududlardan chekinish hamda Isroil mudofaa armiyasining «Hizbulloh»ga qarshi harbiy harakatlariga to‘sqinlik qilmaslik haqida buyruq berilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid