Sport | 11:36
6653
16 daqiqa o‘qiladi

«Siti» keyingi bosqichga o‘tdi, Yamalda rekord. Hafta o‘yinlari

Husanov «Nyukasl»ga qarshi o‘yinda to‘liq harakat qildi, «Chelsi» Hollivud yulduzlari jamoasini qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub etdi; Ispaniyada «Real» va «Barsa» poygasi davom etmoqda. Dam olish kunlarida Yevropa chempionatlarida o‘tkazilgan asosiy o‘yinlar, gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Getty Images

Angliya: «Mansfild» va «Reksem» grandlarni qiynab qo‘ydi

«Mansfild» – «Arsenal» 1:2
Gollar:
Madueke, 41 (0:1). Evans, 50 (1:1). Eze, 66 (1:2)
«Arsenal»: Arrisabalaga, Moskera, Kalafiori (Dikson, 76), Selmon (Timber, 62), Norgar, Trossar (Inkapiye, 38), Douman (Saka, 77), Martinelli, Madueke, Gabriel Jyezus, Havers (Eze, 62)
Ogohlantirishlar: Kalafiori, 70. Eze, 74

Uchinchi divizionda ishtirok etayotgan «Mansfild» «Arsenal»ga qarshi 1929 yildan buyon ilk o‘yinini shudgorzorni eslatuvchi maydonda o‘tkazdi. Bunday gazonda kombinatsiyalar uyushtirish muammo bo‘lishi yetmaganiday, jarohat olish xavfi ham yuqori edi. Amalda ham Mikel Arteta Trossar va Kalafiorini jarohat tufayli almashtirishga majbur bo‘ldi.

«Arsenal» futbolchisi Leandro Trossarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda
Foto: Cody Froggatt/Getty Images

16 yoshli Salmon esa ortga uzatma berishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Moskera esa Evansga qarshi passiv harakat qildi, Kepa ham o‘ziga kelgan zarbani to‘sa olmadi.

Bu orqali «Mansfild» muvozanatni tikladi. Birinchi bo‘lim oxirida Noni Madueke bir hujumning o‘zida ikki bor zarba berish orqali darajadagi farqni namoyish etgandi. Uning birinchi zarbasidan keyin darvozabon to‘pni qaytardi, Martinelli to‘pga ega chiqdi va Maduekeni yanada qulay vaziyatga chiqardi. Shundan keyin «kanonirlar» ketma-ket vaziyatlarni yo‘qqa chiqarishdi. Douman reyd uyushtirib, yaqin masofadan zarba berganida esa darvozabon qahramonlik ko‘rsatdi. Yana bir vaziyatda «5 ga 2» ko‘rinishidagi qarshi hujumda Gabriel Jyezusning zarbasidan keyin himoyachi to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi. Faqat ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan Eze Norgarning uzatmasidan keyin olis masofadan benuqson zarba yo‘lladi va bu gol o‘yin taqdirini hal qildi.

«Arsenal» Mikel Arteta boshqaruvi davrida bir mavsumdagi g‘alabalar soni bo‘yicha (35) rekord o‘rnatdi, shuningdek, joriy mavsumda gollari sonini 100 tadan oshirgan uchinchi jamoaga aylandi («Bavariya» va «Barselona»dan keyin). Bu g‘alaba jamoani Angliya kubogi chorakfinaliga olib chiqdi, ammo mavsumning muhim pallasida ikki futbolchi jarohat olishi – «kanonirlar» uchun og‘riqli zarba bo‘ldi.

«Reksem» – «Chelsi» 2:4
Gollar:
Smit, 18 (1:0). Okonkvo, 40 – avtogol (1:1). Doyl, 78 (2:1). Achimpong, 82 (2:2). Garnacho, 96 (2:3). Joao Pedro, 120+5 (2:4)
«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Badiashile, Sarr (Giu, 58), Santos, Lavia (Kukurelya, 65), Hato (Essugu, 65), Achimpong (Gyusto, 85), Pedru Netu (Derri, 100), Garnacho, Delap (Joao Pedro, 85)
Ogohlantirishlar: Lavia, 23. Santos, 110. Garnacho, 120
Chetlatish: Robson

Uelsdagi o‘yin shanba oqshomida ko‘pchilikning diqqat markazida turgandi. Hollivud yulduzlari Rayan Reynolds va Rob Makelhenni egalik qilayotgan chempionship jamoasi nomdor «Chelsi»ni qabul qildi. O‘yin oldidan favorit kimligi ma’lum edi, ammo o‘yinning birinchi qismida londonliklar katta ustunlik bilan to‘pga egalik qilishdi, ammo «qizil ajdarlar» bu raqamlar amalda hech narsani anglatmasligini ko‘rsatishdi. Muhimi – samaradorlik edi. Doyl o‘z jamoasi jarima maydonidan uzun uzatma berdi, maydon markazida raqibning ikki himoyachisidan qochib ketgan Smit hisobni ochdi.

«Reksem» klubi egalari Rayan Reynolds va Rob Makelhenni golni nishonlamoqda
Foto: James Gill — Danehouse/Getty Images

XIX asrda qurilgan «Reyskors Graund» stadionida yig‘ilgan muxlislar golni aqldan ozgudek bo‘lib nishonlashdi, ammo tanaffus arafasida stadion suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Garnachoning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p himoyachi Tomason orqali darvozabonga bordi va uni avtogol urishga majbur qildi. Ammo umuman olganda muxlislar «Reksem» namoyish etgan o‘yin bilan faxrlanishi mumkin. Mezbonlar munosib o‘ynashdi va jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. Doyl ikkinchi bo‘limda yana jamoani hisobda oldinga olib chiqdi, muxlislar yana katta bayram boshlashdi, ammo yana bo‘lim oxirida mehmonlar hisobni tenglashtirishdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa Dobson Garnachoga qo‘pollik uchun maydondan chetlatildi.

Qo‘shimcha bo‘limlarda londonliklar son jihatdan ustunlikdan foydalanishdi va Garnacho jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Keyin esa o‘yin yakuniga bir necha daqiqa qolganida uelsliklar uchinchi golini urishdi, ammo bu gol ofsayd tufayli bekor qilindi. Qo‘shimcha bo‘limlarning qo‘shimcha daqiqalarida Joao Pedro yakuniy hisobni o‘rnatdi. «Chelsi» yurishini davom ettiradi, «Reksem» esa o‘z reytingini ko‘tarib oldi. Endi bu jamoani APLda kutishmoqda.

«Nyukasl Yunayted» – «Manchester Siti» 1:3
Gollar:
Barns, 18 (1:0). Savio, 39 (1:1). Marmush, 47 (1:2). Marmush, 65 (1:3)
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Botman, Tiau, Holl (Livramento, 80), Trippiyer (Byorn, 63), Tonali, Uillok, Voltemade (Gordon, 72), Barns, Elanga (Joelinton, 62), Osula (Vissa, 63)
«Manchester Siti»: Trafford, Stouns, Husanov, Ake, Mateus Nunes, Gonsales, O`Rayli, Reynders, Doku (Sherki, 79), Savio (Foden, 79), Marmush (Semenyo, 73)
Ogohlantirishlar: Joelinton, 78. Vissa, 90

«Nyukasl» va «Manchester Siti» bu mavsumning o‘zida beshinchi bor o‘zaro raqib bo‘lishdi. «Qarg‘alar» APLning birinchi davrasida o‘z maydonida kechgan o‘yinda g‘alaba qozongandi (2:1), keyingi uch o‘yinda esa «shaharliklar»ning qo‘li ustun kelgandi – Liga kubogi yarimfinalida (2:0, 3:1) va chempionatning ikkinchi davrasida (2:1). Tabiiyki, Eddi Hau shogirdlari «Sent-Jyeyms Park»dagi o‘yinda oxirgi mag‘lubiyatlar uchun qasos olish maqsadida maydonga tushishdi. Abduqodir Husanov boshlang‘ich tarkibga qaytgan o‘yinda jamoasi tezkor gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi, ammo Gonsales bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatdi.

Mezbonlar baribir ikkinchi urinishda maqsadga erishishdi. Tonali mehmonlar himoyachisini bitta pas bilan dog‘da qoldirdi, himoyachilar ortiga ochilgan Barns esa olis burchakni aniq nishonga oldi.

Bo‘limning qolgan qismi Xosep Gvardiola jamoasi ustunligida o‘tdi. Mehmonlar bir necha yaxshi vaziyatlarga ega bo‘lishdi, ammo bir gol bilan cheklanishdi. Doku chap qanotda fintlari bilan himoyachilarning boshini aylantirib tashladi, uning darvozabon hududiga bergan uzatmasi kerakli vaqtda kerakli joyda turgan Savinioga tegib, darvoza to‘riga borib tushdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa mezbonlar mudofaasi o‘ng qanotdan ham yorib o‘tildi. Mateus Nunesning hujumga qo‘shilishi Marmush jamoasini hisobda oldinga olib chiqishi bilan yakunlandi. Keyinroq misrlik hujumchi olis masofadan yo‘llagan zarbasi bilan «Nyukasl»ni uzil-kesil taslim etdi va jamoasini Angliya kubogi chorakfinaliga olib chiqdi.

Ispaniya: Peshqadamlarda qiyin g‘alabalar

«Real» futbolchilari so‘nggi daqiqada urilgan golni nishonlamoqda
Foto: Jose Manuel Alvarez Rey/Getty Images

«Selta» – «Real» 1:2
Gollar
: Tshuameni, 11 (0:1). Iglesias, 25 (1:1). Valverde, 90+4 (1:2)
«Selta»: Radu, Starfelt, Alonso, Rodriges, Moriba (Vesino, 90+1), Roman, Mingesa (Aspas, 83), Karreyra, Svedberg (Lopes, 69), Xutgla (Alvares, 70), Iglesias (Al-Abdullaiy, 70)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio, Ryudiger, Mendi, Aleksandr-Arnold, Tshuameni, Arda Guler (Palasios, 65), Pitarch (Manuel Anxel, 90), Valverde, Vinisius Junior, Dias (Garsiya, 77)
Ogohlantirishlar: Iglesias, 31 – Tshuameni, 86. Raul Asensio, 90

«Real» oxirgi haftalarda inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan. Yaqinda ham madridliklar La ligada peshqadamlikni o‘z qo‘liga ogandi, ammo «Osasuna» va «Xetafe»dan uchralgan mag‘lubiyatlar «Barselona» uchun sovg‘a bo‘ldi. Keyin esa Rodrigo ham og‘ir jarohat olib, klub lazaretidagi futbolchilar sonini yana bittaga oshirdi. Vigoda esa diskvalifikatsiya tufayli Karreras, Hausen va Mastantuono maydonga tusha olmasdi. Shu tufayli juma oqshomidagi o‘yinda Alvaro Arbeloa ixtiyoridagi bor futbolchilar bilan amallashiga to‘g‘ri kelardi.

Yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘rinda kelayotgan «Selta» bu holatdagi «Real»ga qarshi dalil o‘yin ko‘rsatdi. Borxa Iglesias o‘z vaziyatlaridan foydalana olganida 25-daqiqagacha het-trik amalga oshirishi mumkin edi. Ammo Kurtua avvaliga uning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbasini qaytardi, keyin esa yakkama-yakka vaziyatda ustun keldi. Faqat Aleksander-Arnoldning himoyachilar ortiga oshirilgan uzatmani o‘tkazib yuborishidan keyin belgiyalik posbon baribir o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur bo‘ldi  – Svedberg uni aldab o‘tdi va to‘pni bo‘sh darvoza qarshisidagi Iglesiasga uzatdi.

Galisiyaliklar bu gol bilan faqat hisobni tenglashtirishdi, 11-daqiqada «Real» uzoq cho‘zilgan hujum yakunida hisobni ochgandi: bu hujum davomida Vinisiusning zarbasidan keyin to‘p ustundan qaytdi, Tshuamenining xavfli zarbasidan keyin burchak to‘pi ishlandi. Aynan shu burchak to‘pi ijro etilgnaida fransuz futbolchisi ikkinchi imkoniyatdan foydalandi.

Ikkinchi bo‘lim madridliklarning to‘liq ustunligida o‘tdi. Akademiya tarbiyalanuvchilari Pitarch va Palasiosda ham yaxshi vaziyatlar yuzaga keldi. Ammo hadeganda to‘p darvoza to‘riga kirishni istamadi, mehmonlarning penalti so‘rab bildirgan e’tirozlari bu safar inobatga olinmadi: to‘p Jutglening qo‘liga tegishidan oldin «Selta» futbolchisiga nisbatan fol ishlatilgani ma’lum bo‘ldi. «Real» uchun bu o‘yin ham achinarli yakunlanishi mumkin edi, ammo o‘yin oxirida omad «Qirollik klubi»ga ikki bor kulib boqdi. Avvaliga galisiyalikar afsonasi Aspasning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Valverde g‘alaba golini urdi. Oldinda jamoani YeChLda «Manchester Siti»ga qarshi qiyin o‘yinlar kutmoqda.

«Atletiko» – «Real Sosiyedad» 3:2
Gollar:
Syorlot, 5 (1:0). Soler, 9 (1:1). Gonsales, 67 (2:1). Oyyarsabal, 68 (2:2). Gonsales, 81 (3:2)
«Atletiko»: Oblak, Ximenes, Gansko, Rudjyeri, Molina, Mendosa (Liorente, 46), Koke (Kardozo, 61), Almada (Gonsales, 54), Simeone (Grizmann, 53), Serlot, Lukman (Alvares, 53)
«Real Sosiyedad»: Remiro, Chaleta-Tsar, Xon Martin, Gomes, Aramburu, Errera, Soler (Turrentes, 74), Barrenechea (Zaxaryan, 65), Marin (Gonsalu Gedesh, 55), Oskarsson (Oyyarsabal, 56), Suchich (Mendes, 74)
Ogohlantirishlar: Gansko, 20 – Oskarsson, 49

Keyingi oyda Ispaniya kubogi finalida o‘zaro to‘qnash keladigan ushbu jamoalar o‘yinning 9-daqiqasigacha bittadan gol urishga ulgurishdi. Autdan to‘p tashlash orqali boshlangan hujum Ximenesning Syorlotga golli uzatmasi va hisob ochilishi bilan yakunlandi. Ammo bir necha daqiqa o‘tib Soler yaqin burchakni aniq nishonga olib, muvozanatni tikladi. Shundan keyin o‘yin tempi pasaydi va birinchi bo‘limda hisob boshqa o‘zgarmadi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Syorlot qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, ammo ko‘p o‘tmasdan Niko Gonsales baribir «matraschilar»ning ikkinchi golini urdi. Bir daqiqa o‘tib esa Oyyarsabal bu golga javob qaytardi. Gonsalesning ikkinchi goliga esa mehmonlarda javob topilmadi. Diyego Simeone shogirdlari navbatdagi uch ochkodan keyin uchinchi o‘rinni mustahkamladi – to‘rtinchi o‘rindagi «Vilyarreal» bilan oradagi farq yana uch ochkoni tashkil etmoqda.

«Atletik» – «Barselona» 0:1
Gol:
Yamal, 68 (0:1)
«Atletik»: Simon, Vivian, Lyaport, Boyro, Gorosabel, Hauregisar (E. Garsiya, 74), Rego (Vesga, 69), Sanches (Sanset, 46), Gomes (Navarro, 10), Berenger, Inyaki Uilyams (Guruseta, 69)
«Barselona»: E. Garsiya, Joau Kanselu, Martin, X. Garsiya, Kubarsi, Bernal (Pedri, 46), Kasado (Arauxo, 78), Olmo (Fermin Lopes, 62), Reshford (Levandovski, 62), Yamal, Torres (Rafinya, 62)
Ogohlantirishlar: Rego, 50. Vivian, 90 – Kubarsi, 57

«San-Mames»da ikki jamoaning yorqin hujumlari bilan boshlangan o‘yinda muxlislar ancha vaqtgacha gol ko‘rishmadi. Katta ehtimol bilan, Unai Gomesning jarohati o‘yin ritmini buzib qo‘ydi. Basklar jamoasining eng iste’dodli futbolchilaridan biri havodagi yakkakurashdan keyin noqulay yiqildi va tizzasini jarohatlab oldi, u maydonni fizioterapevtlar yordamida tark etdi. «Barselona» bo‘lim davomida to‘pga egalik qilish bo‘yicha katta ustunlikka erishdi, ammo golli vaziyatlar  yarata olishmadi.

«Barselona» dastlabki 45 daqiqalikda zarbalar berish bo‘yicha bu mavsumdagi eng yomon ko‘rsatkichini (2) qayd etdi va bu mavsumda ilk bor birinchi bo‘limda raqib darvozasi tomon to‘g‘ri borgan birorta ham zarba bera olmadi. Gol urishga mezbonlar yaqinroq kelishdi. Avvaliga Navarro qulay vaziyatda turib, zarba berish o‘rniga pas berishga qaror qildi va to‘pni yo‘qotdi. Keyin esa Iniyaki Uilyams darvozani ishg‘ol etdi, ammo kichik ofsayd holati tufayli bu gol bekor qilindi.

Ikkinchi bo‘limda esa basklarga goh aniqlik yetishmadi, goh Joan Garsiya «Barselona»ni qutqarib qoldi. Hansi Flik uchtalik almashtirish orqali o‘yinda burilish yasashga muvaffaq bo‘ldi. Pedri, Rafinya va Levandovski maydonga tushdi va o‘yin taqdiri hal qilindi. Pedrining uzatmasidan keyin Yamal olis «to‘qqizlik»ka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Bu nafaqat g‘alaba goli, balki Laminning faoliyatidagi yubiley 50-gol ham bo‘ldi – (44 tasi klub safida, 6 tasi terma jamoada).

Tabiiyki, kataloniyaliklarning «o‘nlik» futbolchisi bu orqali navbatdagi rekordni o‘rnatdi. U 18 yosh-u 237 kunligida XXI asrda top-5 ligalarda bu natijaga erishgan ilk futbolchiga aylandi. Taqqoslash uchun: Messi buncha golni urganida 20 yosh-u 315 kunlik, Krishtianu Ronaldu — 21 yosh-u 297 kunlik edi.

Turnir jadvalida esa kataloniyaliklar «Real» bilan oradagi farqni yana to‘rt ochkoga yetkazib qo‘ydi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid