Jahon | 12:22
1019
4 daqiqa o‘qiladi

Livan va Eronda hujumlar qurbonlari soni qariyb 1600 nafarga yetdi

Livanda Isroil hujumlari natijasida kamida 1130 kishi yaralangan, Eronda esa 10 000 dan ortiq tinch aholi jarohat olgan, deya ushbu mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirliklari ta’kidlamoqda. Tehronda tarixiy yodgorliklarga ham shikast yetgan.

Foto: Bilal Jawich/Xinhua/IMAGO

AQSh va Isroilning Livandagi urushi sakkiz kun davom etar ekan, Isroil hujumlari natijasida kamida 394 kishi halok bo‘lgan, ular orasida 83 nafar bola ham bor. Bu haqda 8 mart, yakshanba kuni Livan sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, kamida 1130 kishi yaralangan.

Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) 8 martga o‘tar kechasi Livan poytaxti — Bayrutda aniq nishonga olingan havo zarbasi berilganini ma’lum qildi. Isroil tomonining bildirishicha, hujumning nishoni Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning xorijiy operatsiyalar bilan shug‘ullanuvchi “Al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondonlari bo‘lgan.

Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Husayn Kermanpur esa o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Islom Respublikasida 1200 dan ortiq qurbon borligini, 10 000 dan ziyod tinch aholi yaralanganini da’vo qildi.

Kermanpurning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 12 yoshgacha bo‘lgan 200 nafar bola va taxminan 200 nafar ayol bor. Uning ta’kidlashicha, taxminan 1400 nafar ayol yaralangan.

Kermanpurning aytishicha, 25 ta shifoxona infratuzilmasiga zarar yetgan, shulardan 9 tasi ishlamayapti. Shuningdek, 18 ta shifoxonagacha bo‘lgan shoshilinch yordam markazi, ikkita tuman tibbiyot markazi, 17 ta kompleks tibbiy xizmat ko‘rsatish markazi, ikkita qishloq tibbiyot punkti zarar ko‘rgan, 14 ta tez yordam avtomashinasi ham shikastlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehrondagi tarixiy yodgorliklar ham zarar ko‘rgan, neftni qayta ishlash zavodiga qilingan hujum esa mintaqa ekologiyasiga jiddiy xavf solmoqda. Ayni paytda Livan va Eron sog‘liqni saqlash vazirliklari keltirgan raqamlarni mustaqil manbalar orqali tekshirish imkoni yo‘q.

28 fevraldan beri Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroil Eronga havo zarbalari bermoqda. Buning natijasida Islom Respublikasining oliy rahbari Ali Xominaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari o‘ldirilgan.

Bunga javoban Eron Isroilga, Fors ko‘rfazidagi ayrim mamlakatlarga va mintaqadagi Amerika harbiy obektlariga zarbalar bermoqda.

“Hizbulloh” Eron tomonida urushga qo‘shilib, Isroilga raketa va dronlar bilan hujum qilganidan keyin, TSAHAL Livan janubiga va Bayrut janubiy chekka hududlariga ham zarbalar berdi. U yerlarda guruh infratuzilmasi joylashgan. “Hizbulloh”ning qo‘mondonlik markazlari, raketa qurilmalari va qurol omborlariga yuzlab havo zarbalari yo‘llangan.

Isroil tomoni ma’lumotiga ko‘ra, Livan janubi va Bayrut janubiy chekka hududlaridan evakuatsiya qilish haqida buyruq berilganidan so‘ng, 500 ming nafargacha odam shimol tomonga ko‘chgan bo‘lishi mumkin.

Livan bosh vaziri Navof Salom mamlakat hukumati “Hizbulloh”ning harbiy faoliyatini taqiqlaganini, guruh jangchilari esa qurolsizlanishi kerakligini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid