Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron ayollar jamoasi futbolchilari Osiyo kubogida madhiyani kuylamadi. Ularni «xoin»ga chiqarishdi
Ko‘pchilik, jumladan, Tramp ham ularni vatanda o‘lim kutayotganidan xavotir bildirdi va Avstraliyani ularga boshpana berishga chaqirdi. Futbolchilardan besh nafari jamoa qarorgohidan qochib ketgan va gumanitar viza olgan.
Foto: Albert Perez / Getty Images
Huquq faollari va muxlislar Osiyo kubogida ishtirok etish uchun Avstraliyaga borgan Eron ayollar jamoasi futbolchilarining xavfsizligini ta’minlashga chaqirmoqda. Ular turnirning birinchi o‘yinida milliy madhiyani kuylashdan bosh tortishgani uchun sportchilarni Eronda og‘ir oqibatlar kutayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanishmoqda.
Futbol bo‘yicha Eron ayollar jamoasi – Yaqin Sharqning Osiyo Kubogiga yo‘llanma olgan yagona jamoasi edi. Sportchilar turnirda ishtirok etish uchun Avstraliyaga uchib borishganida hali Isroil va AQSh Eronga qarshi urush boshlamagandi.
2 mart kuni eronliklar turnirdagi ilk o‘yinini Janubiy Koreya vakillariga qarshi o‘tkazishdi va 0:3 hisobida yutqazishdi. Milliy madhiya kuylanayotganida eronlik futbolchi qizlar jim turishdi, ularning ayrimlari kulib qo‘yishdi. Ushbu holat videosi ijtimoiy tarmoqlarda va saytlarda keng tarqaldi.
Sportchilarning bu harakati aynan kimga qarshi qaratilgan norozilik ifodasi ekani noma’lum. Ularning o‘zi harakatlari yuzasidan izoh bermagan. Ammo Erondagilar futbolchilarning bu harakatini mamlakat hukumatiga qarshi chiqish deb topishgan, rasmiy nashrlarda esa ular qattiq tanqidga uchragan, bu holat «hayosizlikning eng yuqori cho‘qqisi» deb baholangandi. Davlat telekanallaridan birining boshlovchisi Muhammad Rizo Shahboziy sportchilarni «sharafsizlik va vatanparvarlik tuyg‘usi yo‘qligi» uchun «qat’iy» jazolashga chaqirgan. U futbolchi qizlarni «harbiy davrdagi xoinlar»ga chiqargan.
Eronda sportchilar qattiq tanqidga uchrashi huquq himoyachilari, muxlislar hamda Avstraliyadagi eronliklar diasporasi vakillarini jiddiy xavotirga solmoqda. Ayrimlar agar qizlar vatanga qaytishsa, ularga davlatga xiyonat ayblovi qo‘yilishi hamda qatl hukmi chiqarilishidan xavfsiramoqda.
Vaziyatni sportchilarning o‘zlari qanday baholashi va ular o‘zlarini himoyaga muhtoj deb hisoblaydimi yoki yo‘qmi, bunisi ham noma’lum. Ular na jurnalistlar va na huquq himoyachilari bilan muloqot qilishmoqda.
Avstraliyaga qarshi ikkinchi tur o‘yinida va Filippinga qarshi uchinchi o‘yin avvalida ham eronliklar jamoasi milliy madhiya qo‘yilganida harbiycha salom (chest) berishdi va madhiyani kuylashdi. Taxminlarga ko‘ra, futbolchilarni bunga Islom inqilobi muhofizlari korpusining Eron delegatsiyasiga hamrohlik qilayotgan xodimlari majbur qilgan.
Matthew Starling / Sport Press Photo / ZUMA Press / Scanpix / LETA
Huquq himoyachisi va Avstraliya erkaklar jamoasining sobiq sardori Kreyg Foster CNN bilan suhbatda «ko‘plab tashkilotlar» sportchilar bilan gaplashishga harakat qilishgani, biroq ularga ruxsat berilmaganini aytib o‘tdi. U Eron delegatsiyasi a’zolari sportchilarni «garovda» ushlab turgani, ularga Avstraliyadagi Eron diasporasi vakillari, qarindoshlari, do‘stlari, huquq himoyachilari va huquqshunoslar bilan muloqot qilish taqiqlanganini qo‘shimcha qilgan.
«Ularning xavfsizligi borasida barchamizda asosli va jiddiy xavotirlar bor. FIFA shafeligidagi turnirda ishtirok etadigan har qanday jamoa xavfsizlik va qo‘llab-quvvatlash huquqiga ega bo‘lishi kerak», – deya uning so‘zlarini keltiradi BBC News. Foster Osiyo Kubogidan chiqib ketgan Eron jamoasi futbolchilarining salomatligi uchun Osiyo futbol konfederatsiyasi mas’ul hisoblanishini ta’kidlagan. «Avstraliya futbol hamjamiyati birinchi navbatda futbolchilarga xavfsiz qo‘llab-quvvatlash tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etishni so‘ramoqda, shunda ular o‘zlarini xavf ostida his qilishganida maxfiy ravishda xabar berishi va o‘z istaklari haqida gapirishi mumkin», – deb hisoblaydi huquq himoyachisi.
Foto: Getty Images
Futbolchilarni himoya qilish va agar sportchilar mamlakatda qolishni istashsa, boshpana berish tartibini soddalashtirish talabi bilan ochilgan petitsiyani 60 mingdan ortiq kishi imzolagan. Mahalliy diaspora Avstraliya rasmiylarini sportchilarni Eron delegatsiyasi amaldorlaridan ajratib olishga va ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishga chaqirdi. Eronning so‘nggi shohining o‘g‘li, AQShda yashovchi Rizo Pahlaviy ham Avstraliya hukumatini Eron jamoasi a’zolarining xavfsizligini ta’minlashga chaqirgan.
9 mart kuni AQSh prezidenti Donald Tramp ham futbolchilar taqdiri haqida qayg‘urib, bayonotlar berdi. «Avstraliya Eron ayollar jamoasini Eronga majburan qaytarish orqali dahshatli gumanitar xatoga yo‘l qo‘yadi, u yerda ularni o‘ldirishlari mumkin», – deya yozgan u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida. Tramp mamlakat bosh vaziri Entoni Albanizni ularga boshpana taqdim etishga chaqirgan, agar Avstraliya bunday yo‘l tutmaydigan bo‘lsa, sportchilarni «AQSh qabul qilishi»ga va’da bergan.
Avstraliya tashqi ishlar vaziri Penni Vong Eron jamoasi a’zolari haqidagi savolga javoban mamlakat «Eronning jasur xalqini mustabid tuzumga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashi» hamda eronlik ayollar va qizlar bilan birdam ekanini ma’lum qilish bilan cheklandi.
The Guardian bilan suhbatlashgan ekspertlar Avstraliya hukumati eronlik sportchi qizlarga yordam berishi uchun ularning o‘zi boshpana so‘rab murojaat qilishi lozimligini ta’kidlagan. Ammo eronlik futbolchilar buni xohlamayapti yoki mamlakat rasmiylari tufayli bunday qila olmayapti.
Futbolchilarning o‘zlari Avstraliyada qolishni istash-istamasliklari noma’lum. 8 mart kuni Filippinga qarshi o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Eron jamoasi bosh murabbiyi Marziya Jafari shunday dedi: «Biz qaytishni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Shaxsan men imkon qadar tezroq o‘z yurtimga qaytib, vatandoshlarim va oilam bilan birga bo‘lishni istardim».
Fosterning qayd etishicha, eronlik sportchilarning ko‘pchiligini uyda oilasi kutmoqda, ayrimlarining farzandlari Eronda qolgan, bu esa ularni ojiz ahvolda qoldiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilarda Avstraliyada qolish imkoniyati bo‘lsa ham, ularning ko‘pchiligi bundan bosh tortishi mumkin.
8 mart kuni yuzlab muxlislar jamoa avtobusining yo‘lini to‘sishdi va «Qizlarimizni qutqaring» deya hayqirishdi. Ularning tasdiqlashicha, avtobusdagi sportchilardan kamida uch nafari yordamga muhtojligini anglatuvchi xalqaro jyestni ko‘rsatgan. Gap kaftni ko‘tarib, bosh barmoqni bosish va qolgan to‘rt barmoqni ochib bukish orqali, xavf ostida ekanini ko‘rsatishning sezilmas usuli haqida ketmoqda. Biroq, CNN’ning jamoaga yaqin bo‘lgan manbasi futbolchilar bunday signal nimani anglatishidan xabardor ekaniga shubha bildirgan.
9 mart kuni muxlislar eronlik futbolchilar istiqomat qilayotgan mehmonxonaga kelishgan. BBC News xabariga ko‘ra, mehmonxonada xavfsizlik choralari kuchaytirilgandi: qabulxonada politsiya navbatchilikda turgan. Shu bilan birga, binoda futbolchilardan hech biri ko‘rinish bermagan, faqat Eron delegatsiyasining boshqa a’zolari mehmonxonaning umumiy zalida turishgan.
Urush tufayli Eron bilan aviaqatnovlar to‘xtatilganiga qaramay, muxlislar va huquq faollari futbolchilarni Xitoy, Rossiya yoki Malayziya kabi uchinchi mamlakat orqali olib ketishlari mumkinligidan xavotirlanishmoqda.
Keyinroq Eron ayollar jamoasining besh nafar futbolchisi mehmonxonani tark etgani va xavfsizlikda ekani ma’lum qilindi. Huquq faoli, Avstraliyadagi eronliklar diasporasi vakili Hodi Karimiy ular jamoa qarorgohidan qochib chiqqanini aytgan.
Tramp ham Avstraliya bosh vaziri bilan futbolchilar haqida gaplashganini ma’lum qildi. U besh sportchi xavfsizlikda ekanini tasdiqlab, «qolganlar ham shunga harakatda ekani» haqida yozgan. «Ayrimlar, aftidan, qaytish kerak deb hisoblamoqda, chunki ular o‘z oilalari uchun qayg‘urishmoqda: ularning qarindoshlariga tahdid qilishgan», – deya qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti va Avstraliya hukumatining bu boradagi sa’y-harakatlariga yuqori baho bergan.
10 mart kuni esa Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Byork Eron ayollar jamoasining besh nafar futbolchisiga gumanitar viza berilganini ma’lum qildi. «Kecha kechqurun men Eron ayollar futbol jamoasidagi besh nafar ayolga Avstraliyada qolishlari, xavfsiz bo‘lishlari va bu yerda o‘z uylariga ega bo‘lishlari mumkinligini aytdim», – deb yozdi vazir o‘zining X sahifasida va futbolchilar bilan birga tushgan suratini e’lon qildi.
Vazir Eron ayollar jamoasining boshqa a’zolarida ham gumanitar viza olish imkoniyati borligini, ularga mamlakatda qolishga ruxsat berilganini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
13:42
Eronga AQSh maxsus kuchlari yuborilishi haqidagi xabarlar inkor etildi
12:53
Eron Iordaniyadagi bundesver dala lageriga yana hujum qildi
09:27
G7 moliya vazirlari neft zaxiralarining bir qismini bo‘shatishga tayyor
08:50