Jahon | 12:53 / 10.03.2026
3529
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Iordaniyadagi bundesver dala lageriga yana hujum qildi

Eron Germaniya harbiylari joylashgan Asrak aviabazasiga bir nechta ballistik raketa uchirdi, deb yozadi Der Spiegel. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, zarba kazarmaga tekkan, ammo barcha harbiylar boshpanada bo‘lgani uchun hech kim jabr ko‘rmagan.

Foto: Weyland/Bundeswehr/dpa

Iordaniya sharqidagi bundesverning dala lageri yana Eron tomonidan raketa hujumiga uchradi. Der Spiegel jurnali xabariga ko‘ra, 9 mart, dushanbaga o‘tar kechasi AQShning Asrak aviabazasiga bir nechta ballistik raketa uchirilgan. Ushbu baza hududida Germaniya qurolli kuchlarining kichik dala lageri joylashgan. Hodisa oqibatida hech kim jabr ko‘rmagan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, zarba nemis askarlari joylashgan kazarma binosiga to‘g‘ri kelgan, biroq hujum paytida ularning barchasi boshpanalarda bo‘lgan. Hozircha raketalar bevosita harbiy bazaga tekkanmi yoki tutib qolingan raketalar parchalari baza hududiga tushganmi — bu aniq emas.

Bundesver tezkor qo‘mondonligi vakili AFP axborot agentligiga hozirda hodisa yuzasidan ichki tekshiruv olib borilayotganini aytgan, ammo o‘qqa tutish faktini tasdiqlamagan.

So‘nggi vaqtlarda Asrak bazasidagi dala lagerida taxminan yuz nafar bundesver askari joylashtirilgan edi. Germaniya harbiy-havo kuchlari u yerdan xalqaro aksilterror koalitsiyasini o‘zining yonilg‘i quyish samolyotlari bilan qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. 28 fevraldan beri davom etayotgan AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlangan dastlabki kunlarda ham ushbu aviabaza o‘qqa tutilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid