Ta’lim | 13:22 / 10.03.2026
1165
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

O‘zbekistonda biofarmatsevtika sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish maqsadida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

Foto: Shutterstock

Prezidentning “Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mazkur institut bir nechta ilmiy muassasalar negizida shakllantiriladi.

Xususan, O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hamda “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyundan boshlab farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga ayrim yengilliklar ham joriy etiladi. Jumladan, soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarigacha qarzdorligi bo‘lgan korxonalarga davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi. Agar qarzdorlik ushbu miqdordan yuqori bo‘lsa, u shakllangan kundan boshlab 10 kun ichida davlat xaridlarida qatnashish imkoniyati saqlanib qoladi.

Shuningdek, 2028 yil 1 yanvardan biologik faol qo‘shimchalar sohasida qator yangi talablar joriy etiladi. Xususan, ularga ruxsatnoma berishda Xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari tizimini joriy etganlik talabi qo‘yiladi hamda mazkur mahsulotlar majburiy raqamli markirovkalashdan o‘tkaziladi.

Qayd etilishicha, ushbu chora-tadbirlar farmatsevtika tarmog‘ida ilmiy salohiyatni kuchaytirish, mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va biofarmatsevtika sohasida innovatsion ishlanmalarni keng joriy etishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid