Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Navalniy jamoasi jasad yorilishi bo‘yicha materiallarni oshkor qildi
Navalniy jamoasi “qator OAV” halok bo‘lgan siyosatchining jasadi yorilgani haqidagi to‘liq hujjatni “sensatsiya” sifatida e’lon qilish niyatida ekanini aytdi. Bunday e’lon jamoatchilik uchun ahamiyatga ega emas, ayni paytda u o‘ta axloqsiz hisoblanadi.
Halok bo‘lgan rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning safdoshlari 9 mart, dushanba kuni Navalniy jasadining yorilishi natijalari haqidagi hujjatning bir qismini e’lon qildi. Bu tekshiruvni 2024 yilda Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining sud-tibbiy ekspertiza markazi o‘tkazgan edi. Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasining (FBK) xalqaro rahbari Mariya Pevchix bu qarorni “qator OAV” ushbu materiallarni “sensatsion e’lon” sifatida tarqatish niyati bilan izohladi. Qaysi OAV bunday e’lonni rejalashtirayotganiga u aniqlik kiritmadi.
Pevchixning so‘zlariga ko‘ra, bu hujjat FBK ixtiyorida bir yarim yildan beri mavjud bo‘lib, “jumladan, xorijlik olimlar tomonidan ham o‘rganilgan”.
“Men u ertami-kechmi ‘sizib chiqishi’ mumkinligini tushunardim, ammo ochig‘ini aytsam, jurnalistlardan kimdir uni e’lon qilishga jur’at etadi, degan fikrni hatto xayolimga ham keltirish qiyin edi. Uning mazmuni hech qanday, hatto eng minimal axloqiy me’yorlarga ham to‘g‘ri kelmaydi”, — deb yozdi Mariya Pevchix.
Uning tushuntirishicha, Rossiya sud-tibbiy ekspertlarining “steril va tozalangan” xulosasini e’lon qilish hech qanday jamoatchilik ahamiyatiga ega emas. Ushbu materiallarni ochiq tarzda joylashtirishni rejalashtirayotgan jurnalistlar faqat bitta maqsadni ko‘zlamoqda — “o‘ldirilgan siyosatchining har bir ichki a’zosi qanday ko‘rinishini aks ettirgan suratlar va batafsil tavsiflar orqali ko‘proq odam yig‘ish”, bu esa “tasavvur etish mumkin bo‘lgan axloq va odob chegarasidan tashqarida”, deb hisoblaydi Pevchix.
“Shuning uchun Alekseyning oilasi roziligi bilan quyida biz hujjat mazmunini, o‘tkazilgan tadqiqotlarning to‘liq ro‘yxatini, shuningdek sud-kimyoviy ekspertiza xulosalarini e’lon qilmoqdamiz”, — dedi u.
Grafik ilovalar bilan birga butun hujjat 289 betni tashkil etadi. FBK undan birinchi sahifalarni, o‘tkazilgan tadqiqotlar ro‘yxatini, umumiy xulosalarni va ekspertiza yakuniy xulosasini e’lon qildi.
Xulosada aytilishicha, Navalniy organizmida atropin, shuningdek repellent sifatida ishlatiladigan dietiltoluamid aniqlangan. Rossiya sud-tibbiy ekspertlari uning o‘limiga sabab sifatida “qo‘shma kasallik: qon tomir va a’zolar shikastlanishi bilan kechgan gipertoniya kasalligi, diffuz miokardioskleroz, buning oqibatida bosh miya shishi, yurak qorinchalari fibrillyatsiyasi va o‘pka shishi rivojlangan” degan xulosaga kelgan.
“Bu xulosa haqiqatga ham, Navalniy zaharlangan degan xulosaga kelgan xorijiy laboratoriyalar tadqiqotlari natijalariga ham mos kelmaydi. Sud-tibbiy ekspertiza tadqiqotni kerakli natijaga — Navalniy go‘yo o‘z ajali bilan o‘lgan, degan xulosaga — moslashtirib yozilganiga ochiq-oydin ishora qiluvchi belgilarga ega”, — deb xulosa qildi Pevchix.
Rossiya muxolifati yetakchisi va Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi asoschisi Aleksey Navalniy 2024 yil 16 fevral kuni Yamal-Nenets avtonom okrugining Xarp posyolkasidagi “Qutb bo‘risi” (IK-3) jazoni ijro etish koloniyasida aniqlanmagan holatlarda vafot etdi. Bundan olin u 27-marta jazo izolyatoriga jo‘natilgan edi.
Rossiyada Navalniy o‘limi sabablari bo‘yicha hozirgacha biror mustaqil tergov natijasi e’lon qilinmagan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ma’lumotlarni siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya 2024 yil avgust oyida oshkor qilgan, u “qo‘shma kasallik” natijasida vafot etgan. Rossiyalik yuzdan ortiq shifokor Tergov qo‘mitasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishni va ularning fikricha, Navalniy o‘limida aybdor bo‘lishi mumkin bo‘lgan jazoni ijro etish federal xizmati xodimlarini javobgarlikka tortishni talab qildi.
Muxolifatchining o‘limiga ikki yil to‘lishi arafasida Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya u “katta ehtimol bilan” epibatidin — Ekvadorda uchraydigan daraxt baqasi terisidan olinadigan kamyob toksin bilan zaharlangani sababli halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bu modda laboratoriyada ham sintez qilinishi mumkin.
Ushbu davlatlar ekspertlari bir-biridan mustaqil ravishda, siyosatchi o‘lgandan keyin uning qarindoshlari Yevropaga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan Navalniyning biologik materiallari namunalarini tahlil qilib, ushbu toksin qo‘llangan, degan xulosaga keldi. Kremlda esa Rossiya hokimiyatiga Navalniyni zaharlagan, degan ayblovlar “biryoqlama va hech qanday asosga ega emas” deb ataldi.
Shu bilan birga, The Insider nashri 9 mart kuni Aleksey Navalniy jasadining rasmiy ekspertiza natijalari “Chyornoye zerkalo” Telegram-kanali tomonidan e’lon qilingani va bu ma’lumotlar muxolifatchi o‘limining rasmiy sababini rad etishini xabar qildi.
2020 yilda Navalniy zaharlanganidan keyin uni davolagan reanimatolog Aleksandr Polupan “Agenstvo. Novosti” nashriga aytishicha, “Chyornoye zerkalo” e’lon qilgan rasmiy ekspertiza fayllari uning o‘limi haqidagi rasmiy versiyaga mos kelmaydi, ammo epibatidin bilan zaharlangan, degan versiyaga mos keladi.
Mavzuga oid
09:32
Bokuda sakkiz nafar Rossiya fuqarosi qamoq jazosiga hukm qilindi
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
12:13 / 19.06.2026
Moskvaga urush davridagi eng yirik hujum – suratlar
08:28 / 19.06.2026