Jahon | 11:06
1170
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya va Ukraina bilan uch tomonlama muzokaralarni kechiktirdi

Muzokaralar, ehtimol, kelasi hafta bo‘lib o‘tadi, deb ma’lum qildi Ukraina prezidenti Zelenskiy va Trampning maxsus elchisi Uitkoff. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv Erondagi urush sababli qoldirilgan va Turkiya yoki Shveytsariyada o‘tkazilishi mumkin.

Foto: Yekaterina Chesnokova/ITAR-TASS/IMAGO

Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina va Rossiya bilan urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarni bir necha kunga qoldirdi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff ma’lum qildi. Uning aytishicha, Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi navbatdagi uch tomonlama tinchlik muzokaralari, katta ehtimol bilan, “kelasi haftaning biror kuni” bo‘lib o‘tadi. U bu haqda 10 mart, seshanba kuni CNBC telekanali efirida gapirdi.

Muddatlar o‘zgarganini Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uch tomonlama uchrashuv hozircha kelasi haftaga ko‘chirilgan. Zelenskiy shu kuni Ukrainada jurnalistlarga aytishicha, muzokaralar 10–11 mart kunlari Turkiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, ammo Yaqin Sharqdagi urush sababli Amerika tomoni tashabbusi bilan qoldirildi. Shu bilan birga, u Ukraina delegatsiyasi Turkiyaga borishga tayyor bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Uchrashuv o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan joy sifatida Turkiyadan tashqari Shveytsariya ham ko‘rilmoqda. Avvalgi muzokaralar raundi fevral o‘rtalarida Jyenevada bo‘lib o‘tgan edi.

Ukraina prezidenti, shuningdek, Kiyev Yevropa ham Rossiya bilan muzokaralarga jalb qilinishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilayotganini ta’kidladi. “Yevropa ham bu yo‘nalishda faol bo‘lishi kerak. Chunki biz tushunamizki, Rossiyadan Yevropani muzokaralar stoli atrofida ko‘rish istagini kutishning hojati yo‘q. RF buni istamaydi, lekin biz Yevropa muzokaralarda ishtirok etishi uchun barcha ishni qilishimiz kerak, chunki Ukraina Yevropaning bir qismi va kelajakda ham YeIning bir qismi bo‘ladi”, — dedi u.

Bundan oldin Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qildi. Suhbatning asosiy mavzulari AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi hamda Rossiyaning Ukrainaga hujumi bo‘lganini Putin yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat “ishchan, ochiq va konstruktiv xarakterga ega bo‘lgan”.

O‘z navbatida, AQSh prezidenti Floridadagi matbuot anjumanida Putin bilan “juda yaxshi suhbat” bo‘lganini aytdi va Rossiya prezidenti Yaqin Sharqdagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga “yordam berish” istagini bildirganini ma’lum qildi. Trampning aytishicha, u Rossiya prezidentiga agar u Ukrainaga qarshi urushni tugatsa, “ko‘proq foyda” keltirishini aytgan. “Bu ancha foydali bo‘lar edi”, — dedi Tramp va Ukrainadagi urushni “cheksiz jang” deb atadi.

“Prezident Putin bilan prezident Zelenskiy o‘rtasida juda katta nafrat bor, ular, nazarimda, kelisha olmaydi. Ammo menimcha, bu mavzuda ijobiy suhbat bo‘ldi”, — deya xulosa qildi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid