Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShdan yana 65 nafar o‘zbekistonlik deport qilindi – elchixona
Ma’lum qilinishicha, 11 mart kuni amalga oshirilgan reys bilan 65 nafar fuqaro davlatdan chiqarib yuborilgan. Donald Tramp prezidentlikka qaytganidan beri deport qilingan O‘zbekiston fuqarolari soni mingdan oshdi, deydi elchixona.
AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berishicha, 11 mart kuni 65 nafar fuqaro mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Deportatsiya qilinganlardan iborat parvoz AQShning o‘z chegaralari xavfsizligini ta’minlash doirasida tashkil qilindi, deyiladi elchixona xabarida.
“Prezident Tramp lavozimga kirishganidan buyon Qo‘shma Shtatlar noqonuniy immigratsiyaga chek qo‘yishga hamda o‘z chegaralari va fuqarolarini himoya qilishga qaratilgan o‘z majburiyatlari doirasida 1000 dan ziyod O‘zbekiston fuqarolarini deportatsiya qildi” – AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi
Shuningdek, diplomatik idora xabarida AQShga noqonuniy kirgan shaxslar qamoq jazosiga tortilishi hamda oqibatda ushbu mamlakatdan baribir chiqarib yuborilishi eslatilgan. Elchixona AQShning deportatsiya tadbirlarini o‘tkazishda yaqindan hamkorlik qilayotgani uchun O‘zbekiston hukumatiga o‘zining chuqur minnatdorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, dastlab deportatsiya qilingan fuqarolar soni 72 nafar ekani bildirilgandi, biroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va elchixonaning qayta aniqlashtirishicha AQShdan ushbu parvoz bilan chiqarib yuborilgan o‘zbekistonliklar soni 65 nafarni tashkil qilgan.