Jahon | 12:18 / 11.03.2026
2348
4 daqiqa o‘qiladi

Vadeful: Erondagi xaos hech kimning manfaatiga xizmat qilmasligi kerak

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Isroilga tashrifi chog‘ida Eronga qarshi urushning Yevropa uchun oqibatlaridan Germaniya xavotirda ekanini bildirdi.

Foto: Oren Ben Hakoon/AP Photo/picture alliance

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Eron bilan mojaro keskinlashgan sharoitda Isroilni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, ammo AQSh va Isroil boshlab yuborgan harbiy harakatlar Yaqin Sharqda xaos keltirib chiqarmasligi kerakligidan ogohlantirdi. Vadefulning ta’kidlashicha, bunday oqibatlar Yevropaga ham ta’sir qiladi. U bu haqda 10 mart, seshanba kuni Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Hech kim xaos, fuqarolar urushi yoki Eronning parchalanishidan manfaatdor bo‘lishi mumkin emas, — deya Vadefulning so‘zlarini keltiradi dpa agentligi. — Buning oqibatlari juda katta bo‘ladi va biz buni Yevropada ham his qilamiz”. Germaniya vaziri mojaroga qaramay, Eronning hududiy yaxlitligi saqlanishi shartligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Vadeful Eronning javob zarbalaridan jabr ko‘rgan Isroilni qo‘llab-quvvatladi. Nemis vazirining aytishicha, Tehronda hanuz yahudiy davlatini yo‘q qilishni maqsad qilgan rejim hokimiyatda turibdi. Vadeful so‘zlariga ko‘ra, Eronning harbiy yadroviy va ballistik dasturlari ishonchli tarzda tugatilgani tasdiqlanishi kerak, shuningdek Tehron Yaqin Sharqdagi proksi-guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi lozim.

“Bizga mintaqa davlatlari va xalqlari xavfsizligini kafolatlaydigan mintaqaviy tinchlik tartibi kerak, ayniqsa muhim savdo yo‘llari bo‘lgan dengiz yo‘llari xavfsizligi ta’minlanishi zarur”, — dedi Vadeful.

Vadeful AQSh va Isroilning Eron bilan urushi boshlanganidan beri Isroilga tashrif buyurgan birinchi yevropalik tashqi ishlar vaziri bo‘ldi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan bu tashrif oldindan e’lon qilinmagan edi.

Isroildan so‘ng Yoxann Vadeful Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi — u Ar-Riyodda Saudiya tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon bilan uchrashdi. Dpa yozishicha, nemis rasmiysi podshohlik hukumati Isroil va AQShning Eronga hujumlarini to‘xtatish hamda jangovar harakatlar tugaganidan keyingi davr bo‘yicha qanday istiqbollarni ko‘rayotgani bilan qiziqqan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Vadeful fevral oxirida boshlangan jangovar harakatlardan jabr ko‘rgan Yaqin Sharq davlatlari bo‘ylab safarini davom ettiradi, ammo Germaniya vazirining safar rejasi oshkor etilmayapti.

Isroil va AQSh 28 fevral kuni ertalab Eron hududidagi obektlarga ommaviy zarbalar berib, mamlakatga hujum qildi. Janglarning birinchi kunida Eron oliy rahbari Ali Xominaiy hamda qator yuqori lavozimli amaldorlar va kuchishlatar tuzilmalar vakillari halok bo‘ldi. Halok bo‘lgan Ali o‘rniga uning 56 yoshli o‘g‘li Mujtabo Xominaiy keldi.

Eron bunga javoban Isroil hududiga va Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga zarbalar bera boshladi. Jang harakatlari mintaqaning aksariyat mamlakatlariga ta’sir qildi, dronlar va raketalarning fuqaroviy obektlarga ham bir necha bor tegishi qayd etildi.

Isroil va AQShning Eronga qarshi urushi butun dunyo uchun sezilarli oqibatlardan biri yonilg‘i narxlarining keskin o‘zgarishi bo‘ldi. Bunga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati to‘xtab qolgani sabab bo‘ldi — mazkur bo‘g‘oz Yaqin Sharq mamlakatlaridan neft yetkazib berishdagi eng muhim tranzit yo‘llardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, Eronga hujum qilgan davlatlar mahalliy rejimni faqat “ichkaridan” — eronlik fuqarolar ko‘magida ag‘darish mumkinligini tan olmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid