Jahon | 14:28 / 12.03.2026
2671
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada 16 yoshli ukrainalik ikkita qotillik uchun 10 yilga qamaldi

Essendagi sud 16 yoshli Ukraina fuqarosini 10 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. U o‘tgan yozda Dorsten shahri yaqinidagi o‘rmonda 32 yoshli ukrain qochqini va uning bir yarim yoshli qizini shafqatsizlarcha o‘ldirganini o‘zi tan olgan edi.

Foto: Bludau/FotoBludau/dpa

Germaniyaning Essen shahridagi yer sudi 16 yoshli Ukraina fuqarosini qo‘shni ayol va uning qizini o‘ldirgani uchun 10 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Shimoliy Reyn — Vestfaliya yeridagi Dorsten shahrida yashovchi o‘smir ikki modda bo‘yicha odam o‘ldirishda aybdor deb topildi, deb xabar qildi 9 mart, dushanba kuni dpa agentligi. Sudlanuvchining yoshi sababli sud jarayoni yopiq tartibda o‘tkazildi.

2025 yil 29 iyun kuni Dorsten yaqinidagi o‘rmon yo‘lagida Ukrainadan kelgan 32 yoshli qochqin ayol va uning bir yarim yoshli qizchasining jasadlari topilgan. Har ikkisi ham, taxminlarga ko‘ra, og‘ir bosh jarohatlari yetkazilgani oqibatida vafot etgan. Shu kuni kechqurun qurbonlar bilan bir xil qochqinlar boshpanasida yashagan 16 yoshli yigitning o‘zi politsiyaga borib, ularni o‘ldirganini tan olgan.

Aniqlanishicha, jinoyat sodir etilishidan oldin mahkum etilgan o‘smir bilan ayol o‘rtasida jinsiy aloqa bo‘lgan. Shundan keyin yigitni qotillikka undagan sabab noma’lumligicha qolmoqda. U jazoni voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan qamoq muassasasida o‘taydi. Hukm hozircha qonuniy kuchga kirgani yo‘q.

2024 yil 2 dekabrda xuddi shu Essen sudi Oberxauzen shahrida yosh ukrainalik basketbolchilarni o‘ldirgani uchun to‘rt nafar o‘smirga hukm chiqargan edi. Ikki nafar Suriya fuqarosi, bir nafar Germaniya fuqarosi, shuningdek Germaniya va Gretsiya fuqaroligiga ega yana bir shaxs 8,5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan. Jinoyat sodir etilgan paytda ayblanuvchilar 14 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgani uchun bu ish ham yopiq tartibda ko‘rilgan va uning ko‘plab tafsilotlari oshkor etilmagan.

Jumladan, qurbonlar bilan jinoyatchilar o‘rtasidagi mojaro sababi noma’lumligicha qolgan. Dastlab ayblov tomoni sportchilarga hujum ularning Ukrainadan kelgani uchun sodir etilgan, deb hisoblagan edi. Biroq sud qaroriga ko‘ra, bu motiv tasdig‘ini topmagan.

Mahkumlardan biri pichoq bilan hujum qilganini tan olgan, qolganlari esa zarba berganini bildirgan. Avvalroq ularning uch nafari bir necha bor jinoyat sodir etgan edi — xususan, ish figurantlaridan biri oldinroq talonchilik va tan jarohati yetkazish bo‘yicha ushlangan bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid