Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Hizbulloh” va Eron Isroilga 150 dan ortiq raketa uchirdi
Livanning “Hizbulloh” guruhi va TSAHAL o‘zaro raketa zarbalari almashdi. Eron ham Isroilga bir nechta raketa uchirdi va bu “Hizbulloh” bilan qo‘shma operatsiya ekanini bildirdi.
Foto: Ohad Zwigenberg/AP
Isroilning shimoli va markazidagi shaharlar 11 mart, payshanba kuni kechqurun Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan uyushtirilgan ommaviy raketa hujumiga uchradi. Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) o‘zining rasmiy Telegram-kanalida taxminan 150 ta raketa uchirilgani va hujumlar qaytarilgani haqida xabar berdi.
Raketa otishmalari taxminan soat 20:00 da boshlangan. Isroilning shimoliy va markaziy qismida havo xavfi rejimi e’lon qilindi. Hayfada ham hudud bo‘ylab dronlar uchirilganini bildiruvchi sirenalar yangradi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum natijasida kamida ikki kishi jabrlangan.
Livan guruhi esa o‘z navbatida bayonot e’lon qilib, hujumdan ko‘zlangan maqsad Isroilning harbiy obektlari va mamlakatning Livan bilan chegarasidan besh kilometr ichida joylashgan aholi punktlari bo‘lganini bildirdi. Guruh bayonotiga ko‘ra, ushbu aholi punktlari aholisi evakuatsiya qilinishi kerak.
“Hizbulloh”ning Isroilga qarshi raketa hujumi Isroil va AQShning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri eng yirik hujum bo‘ldi, bu urushda guruh Tehronni qo‘llab-quvvatlamoqda.
“Hizbulloh” hujumidan ko‘p o‘tmay, TSAHAL Bayrutdagi guruh obektlariga, jumladan, “Hizbulloh” tayanch nuqtasi hisoblangan Dahiya tumaniga aviatsiya zarbalari berganini ma’lum qildi. Isroil harbiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘qqa tutishlar davomida harakatning 10 ta shtab-kvartirasi, shuningdek, tayyor turgan raketa uchirish qurilmalari yo‘q qilingan.
Mahalliy aholi shahardagi bir nechta obektlar ustida portlashlar va ko‘tarilayotgan tutun aks etgan videolarni e’lon qildi.
Livan hududidan bo‘lgan otishmadan ko‘p o‘tmay, Isroilga Erondan ballistik raketalar uchirildi, deb xabar qildi TSAHAL. Isroil harbiy idorasiga ko‘ra, ularning barchasi tutib qolingan.
Shu fonda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Isroilning ikki davlat hududidan o‘qqa tutilganini “qo‘shma va integratsiyalashgan operatsiya” deb atadi. TSAHAL esa bu ma’lumotni tasdiqlamayapti.
Keyinroq, 12 martga o‘tar kechasi, Isroil yana Livan tomonidan hujumga uchradi, bunda uzoq masofaga uchuvchi raketalardan foydalanildi. Bu hujum vaqtida Tel-Aviv va uning atrofida sirenalar yangradi. Eron ham Isroilning markaziy qismiga yana bir ballistik raketa uchirdi, TSAHAL esa Tehrondagi IIMK obektlariga javob zarbalari berilganini ma’lum qildi.
28 fevral kuni ertalab AQSh va Isroil Eronga ommaviy aviatsiya zarbalari berib, “Epik g‘azab” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Buning natijasida Islom Respublikasining oliy rahbari Ali Xominaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari halok bo‘ldi. Bunga javoban Eron Isroilga va Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi Amerika harbiy obektlariga zarbalar bermoqda.
“Hizbulloh” Eron tomonida urushga qo‘shilib, Isroilni raketa va dronlar bilan o‘qqa tutganidan so‘ng, TSAHAL Livan janubiga va Bayrutning janubiy chekka tumanlariga zarbalar berdi, bu yerlarda guruh infratuzilmasi joylashgan. “Hizbulloh”ning qo‘mondonlik markazlari, raketa uchirish qurilmalari va qurol-aslaha omborlariga yuzlab havo zarbalari berilgan.
Isroil tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Livan janubi va Bayrutning janubiy chekka tumanlaridan evakuatsiya haqidagi buyruqdan keyin 500 minggacha odam shimolga ko‘chgan bo‘lishi mumkin. Isroil shuningdek Livan janubidagi quruqlik operatsiyasini ham kengaytirdi.
Livan bosh vaziri Navof Salom mamlakat hukumati “Hizbulloh”ning harbiy faoliyatini taqiqlashini, guruh jangchilari esa qurolsizlantirilishi shart ekanini bildirdi.
Mavzuga oid
11:44
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida uchta fuqarolik kemasiga hujum qilindi
10:42
Elchixona Isroilda halok bo‘lgan shaxs yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi
09:58
Bundestag rahbari Klyokner Kiyevda Germaniya qo‘llovini tasdiqladi
09:33