Jahon | 15:21
953
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hududlariga Telegram bloklanishiga tayyorgarlik ko‘rish buyurildi

Rossiya prezidenti ma’muriyati mamlakat hududiy hokimiyatlarini Duma saylovlari arafasida Telegram messenjeri ehtimoliy bloklanishiga tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida ogohlantirdi. “Verstka” nashri manbasiga ko‘ra, bu qaror Rossiya Xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilingan.

Foto: Kun.uz

Rossiya Federatsiyasi prezidenti ma’muriyatining ichki siyosat bo‘limi mamlakat hududlaridagi ichki siyosat bo‘yicha vitse-gubernatorlar va siyosiy texnologlarni Telegram messenjeri ehtimoliy bloklanishiga tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda 12 mart, payshanba kuni “Verstka” nashri prezident ma’muriyatidagi o‘z manbalariga tayanib yozdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil sentabriga belgilangan Davlat dumasiga “murakkab” saylovlar yilida Telegram’ni bloklashni “hech kim istamagan”. Mansabdorlar aytishicha, Pavel Durov messenjeridagi tashviqot ishlari “yo‘lga qo‘yilgan, tushunarli va qulay”, ammo bunday qarorlarni Rossiya Xavfsizlik kengashi qabul qiladi va boshqa davlat organlariga uning qarorlari belgilab bergan “doirada ishlash”gina qoladi. Bu sharoitda hududiy amaldorlarga aholi o‘rtasidagi siyosiy tashviqotni “VKontakte” va “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmoqlari, “Yandeks” servislari hamda “milliy” Max messenjeriga ko‘chirish tavsiya etilgan.

“Verstka” yozishicha, Duma saylovi kampaniyasi davomida Kreml “MHOni qo‘llab-quvvatlash” mavzusidan foydalanmoqchi. Rossiyada Ukrainaga qarshi urush rasman shunday ataladi. Shuningdek, Rossiyani go‘yoki “qamaldagi qal’a” sifatida ko‘rsatish mavzusi ham ishlatiladi.

Bundan oldin RBK agentligi Rossiyada Telegram’ni aprel boshida to‘liq bloklash haqida qat’iy qaror qabul qilinganini yozgan edi. Shu bilan birga, mashhur messenjer frontda ishlashda davom etadi — ma’lumki, Rossiya harbiylari undan aloqa vositasi sifatida foydalanadi. Bloklash sababi sifatida voyaga yetmaganlarni “qonunga xilof harakatlar sodir etishga yollash” holatlari keltirilmoqda.

Fevral oyi oxirida Telegram asoschisi va egasi Pavel Durov Rossiyada unga nisbatan “terrorizmga ko‘maklashish” haqidagi jinoiy modda bo‘yicha ish qo‘zg‘atilganini aytdi. Durov o‘z kanalida Rossiya hukumati “har kuni rossiyaliklarning messenjerga kirishini cheklash uchun yangi bahonalar o‘ylab topayotgani”ni yozdi. U buni “o‘z fuqarolaridan qo‘rqadigan davlatning ayanchli manzarasi” deb atadi.

Rossiyaning bir nechta shahrida mahalliy faollar Telegram bloklanishiga qarshi mitinglar o‘tkazishga urindi, ammo hokimiyat turli bahonalar bilan bunga yo‘l qo‘ymadi. Masalan, Novosibirskda aksiya oldidan amaldorlar daraxtlarni tekshirish bahonasi bilan maxsus ajratilgan yig‘ilish hududini yopib qo‘ydi, politsiya esa 15 kishini qo‘lga oldi. Petropavlovsk-Kamchatskda shahar hokimligi shunday miting tashkilotchilariga ruxsat berishdan bosh tortdi, bunga ular go‘yoki noto‘g‘ri to‘xtashlarga sabab bo‘lishi va “feyk”lar tarqatishi mumkinligini vaj qilib ko‘rsatdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid