Jahon | 21:50 / 13.03.2026
2848
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya neft eksportiga qo‘llanayotgan cheklovlar yumshatildi

AQSh 2022 yildan beri birinchi marta Rossiya neftini tankerlardan sotib olish va sotishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi. Tramp xomashyo narxlarini pasaytirishga intilyapti. Oq uyda narxlarining keskin oshishi noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar oldidan amerikalik iste’molchilar va biznesga zarba berishidan xavotirlar kuchaygan.

Foto: Reuters

AQSh 12 martga qadar kemalarga yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotishni 11 aprelgacha sanksiyalardan chiqardi. Tegishli bitimlarni amalga oshirishga imkon beruvchi litsenziya 12 mart, payshanba kuni mamlakat Moliya vazirligi saytida e’lon qilindi.

Idora rahbari Skott Bessent vaqtinchalik chorani AQSh va Isroilning Eron bilan urushi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi ortidan global energetika bozorlarini barqarorlashtirish zarurati bilan izohladi.

Bessentning ta’kidlashicha, ruxsat faqat allaqachon yo‘lga chiqqan xom neftga taalluqli bo‘lib, Rossiyaga “sezilarli foyda” keltirmaydi. Bu bir oy ichida berilgan ikkinchi shunday istisnodir. 5 mart kuni AQSh Hindistonga ham tankerlarga yuklangan Rossiya neftini sotib olishga ruxsat bergandi. Shu bilan birga, 30 dan ortiq davlat 172 million barrel miqdorida strategik zaxiralarni bozorga chiqardi. Biroq urush fonida “qora oltin” bahosi baribir bir barrel uchun 100 dollardan oshdi.

Narxlarning qimmatlashishiga Ho‘rmuz bo‘g‘ozining bloklanishi jiddiy ta’sir qilyapti. Mazkur bo‘g‘oz orqali dunyo neftining qariyb 20 foizi o‘tadi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSh va Isroil zarbalari to‘xtamaguncha yetkazib berishlarga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi. Xalqaro energetika agentligi bu holatni tarixdagi eng yirik energiya ta’minoti uzilishlaridan biri deb atadi.

Hozir dengizda taxminan 124 million barrel Rossiya nefti bor. Ekspertlar ta’kidlashicha, AQSh bergan litsenziya bo‘g‘ozdagi uzilishlarni hisobga olganda atigi 5-6 kunlik ta’minotni qoplay oladi. Shu bilan birga, Rossiya har kuni qo‘shimcha ravishda 150 million dollargacha daromad olmoqda, mart oyi oxiriga borib bu summa 3,3-4,9 milliard dollarga yetishi mumkin.

Oq uydagilar neft narxlarining keskin oshishi noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar oldidan amerikalik iste’molchilar va biznesga zarba berishidan xavotirlanyapti. Benzinning o‘rtacha narxi bir gallon uchun 3,6 dollarga yetdi — bu ikki hafta oldingiga nisbatan 53 sentga qimmat. Federal statistika esa ish o‘rinlari kamayib, ishsizlik darajasi 4,4 foizgacha oshganini ma’lum qildi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid