Jahon | 12:27 / 13.03.2026
1344
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Ruminiya harbiy dronlarni birgalikda ishlab chiqaradi

Volodimir Zelenskiy va Ruminiya prezidenti Nikushor Dan harbiy uchuvchisiz uchish apparatlarini birgalikda ishlab chiqarish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Ikki mamlakat, shuningdek, energetika sohasida ham hamkorlik qiladi. Kiyev rumin ozchiligini himoya qilishni kuchaytiradi.

Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va uning rumin hamkasbi Nikushor Dan 12 mart, payshanba kuni Buxarestda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikka doir bir nechta kelishuvni imzoladi. Ular orasida ukrain tajribasidan foydalangan holda va Yevropa Ittifoqining SAFE mudofaa jamg‘armasi ko‘magida Ruminiyada hujumkor dronlarni qo‘shma ishlab chiqarish to‘g‘risidagi bitim ham bor, deb xabar bermoqda dpa agentligi.

Energetikaga oid yana bir kelishuv, xususan, Ruminiya va Ukrainaning Chernovsi viloyati o‘rtasida ikki yangi elektr uzatish liniyasi ishga tushirilishini nazarda tutadi. Bundan tashqari, prezidentlar Qora dengizda neft va gaz qazib olish sohasidagi ehtimoliy hamkorlikni ham muhokama qildi.

Volodimir Zelenskiy Ukrainadagi rumin ozchiligini himoya qilishni kuchaytirishga va’da berdi. Ilgari Ukrainadagi etnik ruminlarning ahvoli ikki mamlakat o‘rtasida tortishuvlarga sabab bo‘lgan edi. Biroq Kiyev va Buxarest o‘rtasidagi avvalgi “tarixiy ishonchsizlik” Rossiya Federatsiyasining tajovuzkor urushi boshlanganidan so‘ng barham topdi, dedi Nikushor Dan.

Ukraina prezidenti Ruminiyaga tashrifini mamlakat janubi-sharqidagi Feteshti shahri yaqinida joylashgan aviabazaga borish bilan yakunlashni rejalashtirmoqda. U yerda ukrain harbiylari F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tmoqda.

Dekabr oyida ma’lum bo‘lishicha, ukrainalik dron ishlab chiqaruvchi Frontline Robotics va Germaniyaning Quantum Systems mudofaa kompaniyasi Ukraina mudofaa vazirligi buyurtmasi asosida Germaniyada jangovar dronlar ishlab chiqarishni boshlaydi. Joylashuvi maxfiy saqlanayotgan ushbu zavod 13 fevral kuni Zelenskiy va Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ishtirokida qo‘shma ravishda ochilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid