Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron AQShga mintaqadagi neft-gaz obektlariga hujum bilan tahdid qildi
Eron hukumati agar amerikaliklar energetika obektlariga zarba bersa, AQSh va uning ittifoqchilariga tegishli “butun mintaqaviy neft-gaz infratuzilmasi yo‘q qilinishini” bildirdi. Bundan oldin Tramp ularga “odob-axloq nuqtai nazaridan” zarba bermayotganini aytgan edi.
Eron hukumati AQShni ogohlantirib, agar mamlakatning neft va boshqa energetika infratuzilmasiga hujum qilinsa, “mintaqadagi tegishli barcha Amerika obektlari yo‘q qilinishini” ma’lum qildi. Bu haqda Islom Respublikasi rahbariyati vakili davlatga qarashli ingliz tilidagi Press TV telekanali efirida bayonot berdi, deb 14 mart, shanba kuni dpa agentligi xabar qildi.
Tehronning bu izohi AQSh prezidenti Donald Tramp Xark orolidagi “Yaqin Sharq tarixidagi eng kuchli bombardimonlardan biri” natijasida “barcha harbiy nishonlar” yo‘q qilinganini aytganidan keyin yangradi. Aynan shu orol orqali Eron neft eksportining 90 foizi amalga oshiriladi.
Bu hujumdan keyin AQShga qaratilgan ogohlantirishni Eronning davlat axborot agentligi Fars ham e’lon qildi. Matnda ta’kidlanishicha, AQShning energetika obektlariga zarbalari “AQSh va uning ittifoqchilari manfaatdor bo‘lgan butun mintaqaviy neft-gaz infratuzilmasining yonishi va yo‘q qilinishiga” olib keladi.
Xarkka zarbaga izoh berar ekan, AQSh prezidenti Eronning “durdonasi” hisoblangan hududdagi neft infratuzilmasini “odob-axloq nuqtai nazaridan” yo‘q qilmaslikka qaror qilganini aytdi. U shunday yozdi: “Biroq agar Eron yoki boshqa kimdir Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning erkin va xavfsiz o‘tishiga to‘sqinlik qiladigan har qanday harakatni amalga oshirsa, men bu qarorimni darhol qayta ko‘rib chiqaman”.
AQSh prezidenti yana shunday ta’kidladi: “Eron biz hujum qilmoqchi bo‘lgan narsani himoya qila olmaydi”. Shuningdek, u qo‘shimcha qildi: “Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmaydi va Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaqin Sharq yoki umuman olganda butun dunyoga tahdid sola olmaydi!”
Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani, shuningdek Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda to‘sib qo‘yilishi tufayli neft narxi oshib bormoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi — Fors ko‘rfazidan okeanga chiquvchi yagona dengiz yo‘li, shu bilan birga jahon energiya tashuvchilari savdosi uchun muhim yo‘nalish hisoblanadi.
Taqqoslash uchun, AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi 28 fevral kuni ertalab boshlanishidan oldin, may oyida yetkazib berish sharti bilan bir barrel neft narxi taxminan 73 dollar edi. 14 mart ertalabga kelib esa uning narxi 103 dollarga yetdi. Bundan oldin bir barrel neft narxi 100 dollardan oshgan holat 2022 yil yozida — Ukrainadagi urush boshlanib, shundan keyin Rossiyaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilganidan bir necha oy o‘tib kuzatilgan edi.
Narxlar hatto AQSh Rossiya neftiga oid cheklovlarni vaqtincha yumshatganidan keyin ham o‘sishda davom etmoqda. Vashington 11 aprelgacha 12 mart holatiga ko‘ra tankerlarga yuklangan Rossiya xomashyosini sotishga ruxsat berdi. Bu qarorni, jumladan, Germaniya kansleri Fridrix Mers va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tanqid qildi.
Mavzuga oid
08:36
Tramp: Ukraina prezidentining ishlari «ancha yaxshi ketmoqda»
09:40 / 24.06.2026
AQSh Senati Eronga qarshi urushni tugatish tarafdori
09:10 / 24.06.2026
AQSh Kubaga nisbatan sanksion bosimni kuchaytirmoqda
22:21 / 23.06.2026