Jahon | 13:30
4541
2 daqiqa o‘qiladi

Hamas Eronni qo‘shnilarga hujum qilmaslikka chaqirdi

Mahmud Hams/AFP

Falastindagi Hamas harakati Fors ko‘rfazidagi qo‘shni mamlakatlarga hujumlarni to‘xtatishga chaqirib, Eronga murojaat qildi.

«Al-Jazira» telekanal tomonidan keltirilgan bayonotda Hamas Tehron AQSh va Isroil bilan urushda o‘zini himoya qilish huquqiga egaligini e’tirof etgan, ammo shu bilan birga Yaqin Sharqdagi yangi mojaroga barham berishga chaqiradi.

«Eron Islom Respublikasining tajovuzga xalqaro normalar va qonunlarga muvofiq barcha mavjud vositalar bilan javob berish huquqini tan olgan holda, harakat Erondagi birodarlarni qo‘shni davlatlarga zarba berishdan tiyilishga chaqiradi», – deyiladi bayonotda.

Falastinliklar mintaqa mamlakatlari «tajovuzni to‘xtatish va qardoshlik aloqalarini saqlab qolish uchun bir-biri bilan hamkorlik qilishi» lozimligini ta’kidlagan.

Eron ko‘p yillar mobaynida Hamasni moliyalashtirgan va Isroilga qarshi kurashda harbiy yordam ko‘rsatib kelgan.

Avvalroq Hamas Eron diniy rahbari Ali Xominaiy o‘ldirilishini qoralab, bayonot bergandi.

Tehron AQSh va Isroilga qarshi urush boshlanganidan keyin Fors ko‘rfazi mamlakatlariga raketa va dronlar bilan hujum qilmoqda, shuningdek, jahonda tashiladigan neftning to‘rtdan bir qismi olib o‘tiladigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygan. Eron rasmiylari Fors ko‘rfazidagi hujumlar Amerikaning mintaqadagi harbiy bazalariga qarshi qaratilganini aytmoqda, ammo amalda fuqarolik infratuzilmalari ham zarbalarga uchramoqda. Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon 7 mart kuni «Eron zarbalariga uchrayotgan qo‘shni mamlakatlar»dan uzr so‘ragandi. U agar ushbu mamlakatlar hududlaridan o‘z hududiga hujum qilinmaydigan bo‘lsa, zarbalar to‘xtatilishini aytgandi. Ammo bunday zarbalar davom etmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid