Iqtisodiyot | 18:09
2312
2 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urush O‘zbekistondagi benzin narxlariga qanday ta’sir qilyapti?

Harbiy harakatlar boshlanganidan keyingi birjaning 4 ta savdo sessiyasida benzin narxi arzonlashgan bo‘lsa, 6 martdan narxlar sezilarli osha boshladi. 27 fevraldan 13 martgacha bo‘lgan davrda AI-92 bahosi 5,1 foizga qimmatlashgan.

Foto: Kun.uz

Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi fonida global miqyosida neft yetkazib berishda uzilishlar kuzatilyapti. Jahon neft eksportining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovi deyarli to‘xtab qoldi, bu esa yonilg‘i narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti.

Harbiy harakatlar boshlanishidan oldin O‘zbekistondagi birja savdolarida 1 tonna AI-92 markali benzin bahosi 12 mln 83 ming so‘mni tashkil etgan. Keyingi 4 ta savdo sessiyasida narxlar umumiy hisobda 2 foizga yoki 1 tonna uchun 11 mln 841 ming so‘mgacha pasaydi.

Keyinchalik global bozordagi narxlarning qimmatlashishi fonida O‘zbekiston bozorida ham benzin bahosi osha boshladi. 13 mart kungi savdolarda 1 tonna AI-92 12 mln 704 ming so‘mdan sotildi. Bu 27 fevral kungi narxlarga nisbatan 5,1 foizga qimmatroq.

Benzin importiga qaramlik

O‘zbekistonda neft qazib olish va qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsa-da, ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun importga bog‘liqlik yildan yilga oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-fevral oylarida qariyb 166 mln dollarlik 279 mln litr benzin import qilingan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatdan 2 barobarga, qiymat jihatdan esa 2,1 barobarga ko‘p. Oxirgi oylarda ichki talabning qariyb teng yarmi tashqaridan olib kirilayotgan benzin hisobiga qondirilyapti.

O‘z navbatida ichki ishlab chiqarish hajmi ham oxirgi 2 yilda sezilarli darajada kamaydi. Masalan, 2023 yilda 1 mln 333 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilda 1 mln 200 ming tonnagacha yoki 10 foizga qisqargan.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid