Jahon | 09:51
2585
4 daqiqa o‘qiladi

5 davlat Isroil hamda Livanni deeskalatsiyaga chaqirdi

Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada Isroilni Livandagi humanitar vaziyat yanada yomonlashishi xavfi tufayli keng ko‘lamli quruqlik operatsiyasidan voz kechishga chaqirdi.

Foto: AFP

Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada 16 mart, dushanba kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda Livandagi zo‘ravonliklar kuchayib borayotganidan jiddiy xavotir bildirib, ushbu mamlakat va Isroil vakillarini mojaroni hal etishga qaratilgan muzokaralarda ishtirok etishga chaqirdi.

«Hizbulloh»ning Isroilga qarshi hujumlari va tinch aholiga qilingan tajovuzlar to‘xtatilishi kerak, shuningdek, ular (“Hizbulloh” — tahr.) qurolsizlantirilishi lozim», — deyiladi ushbu hujjatda. «Biz “Hizbulloh”ning Eron tomonida harbiy harakatlarga qo‘shilish qarorini qoralaymiz, chunki bu qaror mintaqada tinchlik va xavfsizlikni yanada xavf ostiga qo‘ymoqda».

Bayonotni imzolagan davlatlar tinch aholi, fuqarolik infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari va tibbiy infratuzilmaga, shuningdek, Livandagi BMT Muvaqqat kuchlariga qarshi qaratilgan hujumlarni qoraladi. «Bu harakatlar qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir va biz barcha tomonlarni xalqaro gumanitar huquq me’yorlariga muvofiq harakat qilishga chaqiramiz», — deb ta’kidlanadi bayonotda.

Shu bilan birga, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada Isroilning Livandagi keng ko‘lamli quruqlik hujumi «vayronkor humanitar oqibatlarga olib kelishi va uzoqqa cho‘ziluvchi mojaroni keltirib chiqarishi mumkinligi» haqida ogohlantirdi. «Buning oldini olish kerak. Livandagi humanitar vaziyat, jumladan, aholining ommaviy ko‘chishi davom etayotgani allaqachon chuqur tashvish uyg‘otmoqda», — deyiladi hujjatda.

Mualliflarning ta’kidlashicha, ular Livan hukumatining «Hizbulloh»ni qurolsizlantirish, ushbu harakatning harbiy faoliyatini taqiqlash va u olib borayotgan jangovar harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. «Biz o‘z irodasiga qarshi ravishda mojaroga tortilgan Livan hukumati va xalqi bilan birdammiz», — deya bayonot bergan Berlin, London, Parij, Rim va Ottava.

Shu kuni, 16 martda, Germaniya kansleri Fridrix Mers Berlindagi matbuot anjumanida Isroilning Livandagi quruqlik operatsiyasini xato deb atadi. Uning ogohlantirishicha, bunday hujum «allaqachon o‘ta tarang bo‘lib turgan humanitar vaziyat va migratsiya bilan bog‘liq holatni yanada og‘irlashtiradi».

Mersning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Eron qo‘llab-quvvatlayotgan «Hizbulloh» harakatining fevral oyi oxirida AQSh va Isroilning Eronga qarshi qo‘shma zarbalaridan keyin Isroilga hujumlarni qayta boshlaganini «qat’iy qoralaydi». U Livandagi harakat jangchilaridan hujumlarni zudlik bilan to‘xtatish va qurolni tashlashni talab qildi.

Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) 16 mart kuni Janubiy Livanda «Hizbulloh»ga qarshi «cheklangan quruqlik operatsiyasi» boshlanganini ma’lum qildi. Bayonotga ko‘ra, gap «terrorchilik infratuzilmasini yo‘q qilish»ni o‘z ichiga olgan harbiy harakatlar haqida bormoqda bo‘lib, buning maqsadi «ilg‘or mudofaa pozitsiyasini yaratish va mustahkamlash»dir.

Harbiy qo‘mondonlikka ko‘ra, bunday quruqlik operatsiyasi «Isroil shimolidagi aholi uchun qo‘shimcha xavfsizlikni ta’minlaydi».

Shuningdek, TSAHAL quruqlik qo‘shinlari Janubiy Livanga kiritilishidan oldin Isroil harbiy-havo kuchlari va artilleriyasi mintaqadagi «ko‘plab terroristik nishonlar»ga zarba berganini qayd etdi. Bir kun oldin esa «Hizbulloh» harakati Janubiy Livanda Isroil armiyasi bilan «to‘g‘ridan to‘g‘ri» jangovar to‘qnashuvlar bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid