Jahon | 10:05 / 17.03.2026
2089
3 daqiqa o‘qiladi

Keniya TIV: keniyaliklar endi Ukrainadagi urushga yollanmaydi

Moskvada Sergey Lavrov bilan uchrashuvdan so‘ng Keniya tashqi ishlar vaziri Musaliya Mudavadi keniyaliklar endi Moskva tomonida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashishga jalb etilmasligini ma’lum qildi.

Foto: Ukraina mudofaa razvedkasi

Keniya fuqarolari endi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashish uchun yollanmaydi. Bu haqda Keniya tashqi ishlar vaziri Musaliya Mudavadi 16 mart, dushanba kuni Moskvada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvdan keyin bergan bayonotida aytgan.

Rossiyaning TASS axborot agentligi Keniya diplomatiyasi rahbarining quyidagi so‘zlarini keltiradi: «Vazir biz bilan Rossiyada bo‘lib turgan keniyaliklar masalasini muhokama qildi. Biz shunday kelishib oldikki, keniyaliklar endi mudofaa vazirligi orqali (Rossiyaning — tahr.) qurolli kuchlarida xizmatga jalb etilmaydi. Keniyaliklar endi MHOda (Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida — tahr.) ishtirok etishga jalb etilmaydi. Biz bu kelishuvni qadrlaymiz».

Keniya razvedka xizmatlarining fevral oyida mamlakat parlamentiga taqdim etilgan ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva tomonida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashish uchun 1000 nafardan ortiq keniyalik yollangan.

Germaniyaning Tagesschau axborot dasturi o‘z saytida boshqa OAV surishtiruvlariga tayanib yozishicha, ular Rossiyaga Nayrobidagi kadrlar tanlash firmasi orqali yuborilgan. Ushbu firma ularga sotuvchi va shunga o‘xshash ish o‘rinlarini va’da qilgan. Ammo natijada keniyaliklar frontga tushib qolgan.

O‘z navbatida, Ukraina hozirga qadar Rossiya harbiylari safida ushbu qit’aning 36 davlatiga mansub 1780 nafardan ortiq afrikalikni aniqlashga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilmoqda. Tagesschau ta’kidlashicha, bunday askarlarning haqiqiy soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkin, chunki ularning ko‘pchiligi urushda ishtirok etish uchun norasmiy tarzda yollanadi.

Moskvaga tashrifidan oldin Keniya tashqi ishlar vaziri o‘z mamlakatining fuqarolari Rossiya qurolli kuchlari safida «ixtiyoriy yoki ixtiyorsiz» tarzda jang qilayotganini aytgan edi. Shu bilan birga, Musaliya Mudavadi Keniya hukumati nomidan soxta ish e’lonlari orqali yollashga qarshi kurashish uchun kuchaytirilgan choralar ko‘rilishini va’da qilgan.

Shu orada, Sergey Lavrov Mudavadi bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida «barcha keniyalik fuqarolar, xuddi boshqa davlatlar fuqarolari kabi» Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida «ixtiyoriy asosda, Rossiya qonunchiligiga to‘liq muvofiq ravishda» ishtirok etayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u shartnomani muddatidan oldin bekor qilish imkoniyati ham borligini ko‘rsatib o‘tdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid