Iqtisodiyot | 19:10
2609
4 daqiqa o‘qiladi

Metandan go‘shtgacha. Narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yillik nisbatda suyakli mol go‘shti 22,4 foiz, suyaksiz mol go‘shti 24 foiz, qo‘y go‘shti 27,4 foizga qimmatlashdi. Nooziq-ovqat mahsulotlari tarkibida nikoh uzugi (+32,1 foiz) va metan (+30,3 foiz) narxlarida keskin oshish kuzatilgan. Xizmatlar sektorida esa shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash (+281,8 foiz) hamda tarmoq gaz (+39,2 foiz) narxlarida katta o‘sish qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank 2026 yilning fevral oyi holatiga inflatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.

Umumiy yillik inflatsiya 2022 yilda 12,3 foiz bo‘lgan, 2023 yilda 8,8 foiz, 2024 yilda biroz oshib, 9,8 foiz, 2025 yilda esa 7,3 foizga tushgandi. 2026 yilning fevral oyi holatiga ham bu ko‘rsatkich 7,3 foizni tashkil etgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari

Infografikaga ko‘ra, ba’zi oziq-ovqatlar narxi sezilarli darajada pasaygan, boshqalari esa keskin oshgan:

Yillik hisobda qovoq (-57,1 foiz), baqlajon (-31 foiz), tarvuz (-26,3 foiz), sarimsoq (-22,9 foiz) va shaftoli (-22,8 foiz) narxlari sezilarli darajada pasaydi.

Hisobot davrida quyidagi mahsulotlar narxlari keskin qimmatlagan:

  • Limon (+90 foiz);
  • Qo‘y go‘shti (+27,4 foiz);
  • Suyaksiz mol go‘shti (+24 foiz);
  • Suyakli mol go‘shti (+22,4 foiz);
  • Qiyma (+17,5 foiz).

Iste’mol narxlari indeksi savatidagi umumiy 167 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 150 tasining (90 foiz) yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.

Avvalroq prezident boshchiligidagi yig‘ilishda yanvar oyida inflatsiyaning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa 13 foizi go‘sht hisobidan bo‘lganiga urg‘u berilib, go‘shtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilish kerakligi ta’kidlab o‘tilgandi.

Nooziq-ovqat tovarlar

Nooziq-ovqat mahsulotlaridan yirik oshxona priborlari (-1,7 foiz), kichik maishiy priborlar (-1,5 foiz) arzonlagan.

Oltin narxlari global bozorda rekord darajada qimmatlashi zargarlik buyumlarida ham aks etgan – nikoh uzugi 32,1 foizga qimmatlagan.

Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari tarkibida metan (+30,3 foiz), gazeta (+17,5 foiz), jurnal (+15,3 foiz), propan (+9,7 foiz) narxlarida keskin oshish kuzatilgan.

Iste’mol narxlari indeksidagi 252 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlarining 233 tasi (92 foiz) bo‘yicha yillik narx o‘sishi 10 foizdan kam bo‘lgan.

Xizmatlar

Yillik hisobda pul o‘tkazmalari uchun haq to‘lash narxlari 5,6 foizga, ichki aviareyslar 3,5 foizga, nodavlat OTMda o‘qish 0,5 foizga arzonlagan.

Narxi eng ko‘p qimmatlagan xizmat shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash bo‘ldi – hisobot davrida bu xizmat narxi 281,8 foizga oshgan. Shuningdek, trolleybusda yo‘l haqi (+100 foiz), tarmoq gaz (+39,2 foiz), haydovchilik kurslari (+38,5 foiz) va sovuq suv (+35,1 foiz) narxlarida ham keskin qimmatlashish kuzatilgan.

Iste’mol narxlari indeksidagi 98 turdagi xizmatlarning 69 tasi (70 foiz) bo‘yicha yillik narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.

Oxirgi yillarda inflatsiya dinamikasining o‘zgarishi

2016 yilda yillik inflatsiya 9,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich keskin oshib, 18,8 foizga yetgan va oxirgi 10 yillikdagi eng yuqori darajasi sifatida qayd etilgan. Keyingi yillarda nisbiy pasayish kuzatilgan: 2018 yilda 14,3 foiz, 2019 yilda 15,2 foiz. 2020 yildan boshlab inflatsiya bosqichma-bosqich sekinlashib, 2021 yilda 10 foiz darajasida shakllangan. 2022 yilda tashqi iqtisodiy omillar ta’sirida inflatsiya yana biroz oshib, 12,3 foizga yetgan bo‘lsa-da, 2023 yilda 8,8 foizgacha pasaygan. 2024 yilda 9,8 foizlik inflatsiya qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 7,3 foizgacha pasaydi.

Manba: Progressiv islohatlar markazi

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid