Ko‘chmas mulk | 12:18
1221
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori: narxlar qanday o‘zgaryapti?

2026 yilning fevral oyi yakunlariga ko‘ra, ikkilamchi uy-joy narxlari yillik hisobda 9 foizga qimmatlashdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (22 foiz), Sirdaryo (+19,3 foiz) va Jizzax (+16,3 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Toshkent shahrida yangi uylarning narxi (+11,5 foiz) ikkilamchi bozorga (3,2 foiz) nisbatan tezroq oshyapti.

Foto: Kun.uz 

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil fevral oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori dinamikasiga oid yangilangan tahlilni e’lon qildi.

Baholashlarga ko‘ra, o‘tgan oyda respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlari qariyb 4 foizga oshib, 29,7 mingtani tashkil etdi. 2025 yilning shu davriga nisbatan tuzilgan bitimlar soni 7,2 mingtaga ko‘payib, o‘sish sur’ati 32,4 foiz bo‘lgan.

O‘tgan yilning fevraliga nisbatan eng sezilarli o‘sish Navoiy viloyati (+53 foiz), Toshkent shahri (+49 foiz) va Sirdaryo (+39 foiz) viloyatida qayd etilgan.

Yanvar oyiga nisbatan esa hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘sish Toshkent viloyatida kuzatilib, bu ko‘rsatkich 25 foizga oshgan. Navoiy viloyatida o‘sish 22,6 foiz, Sirdaryo viloyatida esa 13,4 foiz bo‘lgan.

Fevral oyida barcha bitimlarning qariyb uchdan bir qismi poytaxt bozori hissasiga to‘g‘ri keldi. Toshkent shahrida oy davomida oldi-sotdi bitimlari hajmi 1,4 foizga oshib, taxminan 8,9 mingtani tashkil etgan.

Ikkilamchi uy-joy bozori

Oy yakunlariga ko‘ra, ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sish sur’atining biroz sekinlashgani kuzatildi. Xususan, poytaxtda fevral oyida narxlar taxminan 1 foizga oshdi. Ayni paytda, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtacha hisobda qariyb 9 foizga qimmatlashgan.

Yil davomida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (22 foiz), Sirdaryo (+19,3 foiz), Jizzax (+16,3 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (15,9 foiz) qayd etilgan.

Toshkent ko‘chmas mulk bozori

Toshkent shahri ikkilamchi uy-joy bozorida bir kvadrat metr ko‘chmas mulkning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan 3,2 foizga oshdi.

Eng sezilarli o‘sish Mirobod (7 foiz), Yakkasaroy (5,6 foiz), Shayxontohur (5,4 foiz) va Chilonzor (5,3 foiz) tumanlarida qayd etilgan.

Birlamchi bozorda bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan 11,5 foizga qimmatlashdi. Narxlarning eng yuqori o‘sishi Mirobod tumanida qayd etilib, bu ko‘rsatkich 18 foiz bo‘ldi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanida narxlar 15,4 foizga, Yunusobod tumanida esa 15,2 foizga oshdi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid